22:58 / 24.08.2021
6635

Dehlida iflos havoga qarshi kurashish uchun 25 metrlik minora o‘rnatildi

Dehli ma'muriyati shaharda qurumga qarshi kurashish uchun Hindistondagi ilk inshoot – qurumga qarshi minorani ishga tushirdi. Balandligi 25 metr keladigan minora shaharning Konnot-Pleys tumanida o‘rnatilgan.

Foto: Getty Images

Minora 40 ta kuchli ventilyator va 5 mingta filtr bilan jihozlangan bo‘lib, ular o‘zi orqali soniyasiga 1 ming kubmetr havoni o‘tkazadi va ularni zararli aralashmalardan tozalaydi. Shahar ma'muriyatining baholashicha, bunday minora 1 km radiusdagi hududda havodagi zararli aralashmalar miqdorini 2 marta kamaytirishi mumkin. Uning ishlab chiqilishi va qurilishi uchun 2 mln dollar sarflangan.

Bu orada ekologlar va mutaxassislar bunday inshootlar Dehlida iflos havo bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartira olishiga shubha bildirishmoqda. Ayni vaqtda Dehli Hindistonning bir qator yirik shaharlari bilan birga sog‘liq va hayot uchun xavfli havoga ega dunyo shaharlari yetakchi o‘n beshtaligiga kiradi.

Havo sifati indeksining me'yoriy ko‘rsatkichlari 50 birlikni tashkil qilgani holda Dehlida ushbu ko‘rsatkich ko‘pincha 1200 birlikkacha yetadi. Olimlarning baholashicha, 2019 yilda Hindistonda iflos havo sababli 1,67 mln kishi, jumladan, Dehlida 17,5 ming kishi vafot etgan.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Dehlida qurumga qarshi bitta minorani o‘rnatish “butun boshli cho‘lga bir dona konditsionerni yoqib, uni sovitishini kutishdek” gap hisoblanadi. Hukumat mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, Dehlida bunday minoralardan 213 tasini o‘rnatish kerak bo‘ladi. Biroq mustaqil ekspertlarning ta'kidlashicha, Dehli maydoni kattaligi va havosi o‘ta ifloslangani hisobga olinsa, shahar havosi tozalanishi uchun 2,5 millionta shunday minora talab etiladi.

Mavzuga oid
Top