19:39 / 24.08.2021
5928
O‘zsanoatqurilishbank va Turkiyaning Maltepe universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilning 21 avgust kuni Turkiyaning Istanbul shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi - Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi Saxi Annaklichev hamda Turkiyaning Maltepe universiteti rektori, doktor Shahin Karasar o‘rtasida memorandum imzolandi.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yil 30 aprel kuni hududlarda qurilish materiallari va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining shu yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “O‘zqurilishmaterialLITI” ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi bilan birgalikda yetakchi xorijiy oliygohlarini jalb qilgan holda, qurilish materiallari sohasi uchun malakali va zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu maqsadda Bank vakillaridan iborat delegatsiya Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib, Maltepe universiteti mutasaddilari bilan o‘zaro muzokaralar olib bordi. 

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB nomidan – Bank Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev, Turkiyaning Maltepe universiteti (“MALTEPE UNIVERSITY” – MAU) nomidan – oliygoh rektori, doktor Shaxin Karasar o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandumga muvofiq, tomonlar O‘zbekiston Respublikasida MAU filialini ochish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib, mamlakatimizda qurilish sektorini rivojlantirish uchun qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga kelishib oldilar.

Bank tomonidan esa talabalarga nisbatan amaliy mashg‘ulotlar va tadqiqotlar o‘tkazish uchun universitet filialida ilmiy laboratoriya ochish ishlari amalga oshiriladi.

Ta'kidlash joiz, Turkiya yuqori sifatli beton va temir-beton ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan yangi avlod kimyoviy qo‘shimchalari va plomba moddalarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi ekanligini hisobga olib, MAU ta'lim dasturlari doirasida tegishli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ish olib boradi.

Ma'lumot uchun. Maltepe universiteti – MAU xususiy oliy ta'lim muassasasi bo‘lib, u 1997 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida “Istanbul ta'lim fondi” tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu oliygohda ta'limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati Ⓣ

Top