10:21 / 25.08.2021
3779

O‘zbekiston va YeI o‘rtasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish qisqa muddatlarda yakunlanishi mumkin

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakalani qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tomonlar O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar munosabatlarning bugungi holati hamda ularni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Afg‘onistonda kuzatilayotgan vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. YeI maxsus vakili Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonga amaliy yordam ko‘rsatishga sodiqligini tasdiqladi. U, shuningdek, O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi yuzasidan kelishishning qisqa muddatlarda yakunlanishiga ishonch bildirdi.

Tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida koviddan keyingi davrda O‘zbekiston va YeIga a'zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan, «GSP+» preferensiyalar bosh tizimi imkoniyatlaridan foydalanish orqali ko‘paytirish hamda madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni belgiladi.

Mavzuga oid
Top