17:08 / 25.08.2021
36571

Rossiya mudofaa vazirligi O‘zbekistonni KXShT a'zosi sifatida ko‘rsatdi. Lekin bu - xato

25 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligiga aloqador saytda Rossiya tomonidan Afg‘oniston hududidan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a'zo davlatlar hamda Ukrainaning 500dan ortiq fuqarolari evakuatsiya qilinishi haqida e'lon berildi. Xabarda KXShTga a'zo davlatlar sifatida Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston qatorida O‘zbekiston ham sanab o‘tilgan.

Xabarning ikki joyida O‘zbekiston KXShT a'zosi sifatida ko‘rsatilgan. Rus nashrlari, xususan, TASS agentligi ham bu xatoni to‘g‘rilamasdan e'lon qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi 2012 yildan buyon ushbu tashkilot a'zosi hisoblanmaydi.

Mazkur holat KXShT O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyorligi haqida bayonot berishi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilotning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etishi ortidan ro‘y bermoqda.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti — Rossiya rahnamoligidagi harbiy blok hisoblanadi.

Kun.uz holatga izoh olish uchun Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. TIV rasmiylari qat'iy ravishda O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo emasligini ta'kidladi. Vazirlik vakili Rossiya nashrlarida tarqatilgan ushbu xabarlardan bexabar ekanligini bildirdi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti – harbiylashtirilgan mintaqaviy xalqaro tashkilot hisoblanib, 1992 yil 15 may kuni Toshkentda imzolangan xalqaro bitim doirasida tuzilgan. Unga sobiq sovet ittifoqining to‘qqiz respublikasi a'zo bo‘lib kirgandi. Hozirda bu tashkilotga faqat Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a'zo hisoblanadi.

O‘zbekiston birinchi marta 1999 yil 2 aprelida ushbu tashkilotdan chiqib ketgan. Keyinchalik, AQSh va G‘arb davlatlari bilan munosabatlar sovuqlashishi ortidan 2006 yil 16 avgustda O‘zbekistonning KXShTga a'zoligi to‘liq tiklanadi.

2012 yil 28 iyunida O‘zbekiston bu tashkilotdan yana chiqib ketadi va qaytib qo‘shilmadi. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning shartnomadan chiqishi sabablarini ochiqlamagan.

2012 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga a'zoligi taqiqlangan va bu konsepsiya hozirda amalda.

Qayd etish kerakki, konsepsiya qonun darajasida qabul qilinganiga qaramay, jamoatchilikdan yashirib qo‘yilgan - u ochiq manbalardan yo‘qolib qolgan.

Na Senat, na Qonunchilik palatasi, na Konstitutsion sud va na Tashqi ishlar vazirligi Tashqi siyosat konsepsiyasi maxfiy holda qolayotganiga izoh bergan.

Joriy yilda O‘zbekistonning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi yangilanishi kutilmoqda. 

Joriy yilning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Kun.uz muxbirining O‘zbekiston KXShTga qayta a'zo bo‘lishi ehtimoli yuzasidan bergan savoliga javob qaytargandi.

«O‘zbekiston 2012 yilda «O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi a'zoligini to‘xtatgan edi. Hujjatga binoan, O‘zbekiston Respublikasi harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaydi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Bundan tashqari, «Mudofaa to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari qatorida «harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik» tamoyili ko‘rsatib o‘tilgan.

Hozirgi kunda sherik davlatlarning O‘zbekistondan KXShTdagi a'zoligini tiklash masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflari bo‘yicha ma'lumotlar bizda mavjud emas», degan edi Sherzod Asadov.

Mavzuga oid
Top