Jahon | 10:50 / 13.03.2024
6632
4 daqiqa o‘qiladi

Pashinyan Armanistonning KXShTdan chiqishi ehtimoli haqida gapirdi

Armaniston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mamlakatdagi o‘z mas’uliyat zonasini belgilashi kerak.

Foto: Aleksandr Patrin / TASS

Armaniston Yerevan oldidagi majburiyatlarini bajarmasa va Armanistondagi mas’uliyat zonasini belgilamasa, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqadi. Bu haqda 12 mart, seshanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Biz hozir KXShT bo‘yicha hurmatli hamkorlarimizdan KXShTning Armanistondagi mas’uliyat zonasi nima degan savolga javob berishini so‘rayapmiz, kutyapmiz, talab qilyapmiz», dedi Pashinyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Rossiya Armanistonning suveren hududi Moskva hamda ittifoq uchun «qizil chiziq» ekanligi haqida «aniq pozitsiya»ni bildirgan. Biroq, 2021 va 2022 yillardagi bir qator «Ozarboyjon hujumlari»dan keyin, Armaniston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, KXShT nizomida ko‘rsatilgan qadamlar qo‘yilmadi.

«Ular Armanistonning suveren hududini ko‘rsatmadi. Bugun esa bu masala «stol ustida». Agar KXShT bu savolga javob bersa va bu javob bizning g‘oyalarimizga to‘g‘ri kelsa, bu Armaniston va KXShT o‘rtasidagi masalalarning hal bo‘lganligini anglatadi. Agar yo‘q bo‘lsa, Armaniston KXShTdan chiqadi», - dedi Pashinyan. 

Bundan tashqari, Armaniston bosh vaziri 2020 yilda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushda alyans Yerevan KXShTda ishtirok etsa-da, nega betaraf pozitsiyani egalladi, degan savolni ko‘tardi. 

Armaniston Rossiyadan uzoqlashmoqda

Avvalroq Armaniston chegara xizmati rossiyalik hamkasblarini Yerevan aeroportida Rossiya yordamisiz xizmat qilishi mumkinligi haqida xabardor etgani ma’lum bo‘lgan edi. Rossiya FSB chegarachilari 1992 yildan buyon davlatlararo shartnoma asosida u yerda. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik chegarachilar Armaniston poytaxtidagi Zvartnots aeroportini 2024 yilning 1 avgustigacha tark etadi. U bu jarayonni siyosiy emas, ish jarayoni deb atadi.

Bundan tashqari, 9 mart, shanba kuni Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Turkiyaning TRT World telekanaliga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqiga a’zolik g‘oyasi mamlakatda «faol muhokama qilinayotganini» aytdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni chuqurlashtirmoqda, Hindiston bilan munosabatlarni o‘rnatmoqda, shuningdek, «qo‘shnilari bilan munosabatlarni tartibga solish»ga intilmoqda. 

Lavrov Armanistondan KXShTdagi maqomini aniqlashni talab qildi 

Mart oyi boshida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yerevandan KXShTdagi maqomi haqida «qaror qabul qilishni» talab etdi. «Biz arman hamkasblarimiz, hamkorlarimiz bundan keyin qanday yashashni va bizni turli integratsiya tuzilmalarida, jumladan KXShTda bog‘laydigan kelishuvlarni o‘zaro asosda qanday amalga oshirishni xohlashini o‘zi hal qilishini juda istardik», - dedi Rossiya vaziri. 

Mavzuga oid