17:58 / 07.09.2021
18907

Davlat bojxona qo‘mitasi 7,3 milliard so‘mga 76 ta avtomobil sotib oldi

Bojxona tizimida avtopark yangilanmoqda: bojxonachilar uchun 10 ta Lacetti/Gentra, 14 ta Cobalt va 52 ta Nexia-3 avtomobillari sotib olindi. Tizimda foydalanilayotgan mashinalardan 117 tasi 1991–2001 yillarda ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi 7 milliard 351 million so‘mga UzAuto Motors kompaniyasining rasmiy dileridan jami 76 ta avtomobil xarid qildi.

Davlat xaridlari portalida keltirilgan shartnoma ma’lumotlariga ko‘ra, 1 milliard 381 million so‘mga 10 ta «Lacetti/Gentra», 1 milliard 359 million so‘mga 14 ta «Cobalt», shuningdek 4 milliard 160 million so‘mga 52 ta turli pozitsiyadagi «Nexia-3» avtomobillari sotib olingan.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bojxona organlari avtoparkidagi mavjud xizmat avtotransport vositalarining 117 tasi 1991–2001 yillarda ishlab chiqarilgan bo‘lib, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, avtomashinalar uchun amortizatsiyaning yillik eng yuqori normasi 20 foiz (5 yil) belgilangan.

«Turli iqlim va yo‘l sharoitida 15 yildan ortiq foydalanib kelinayotgan ushbu avtomobillarni soz holda saqlash uchun ham budjetdan mablag‘lar sarflanishini taqozo qilmoqda. Shu sababli, Davlat bojxona qo‘mitasi maxsus fondi mablag‘lari hisobidan 76 ta avtomobil sotib olindi va maxsus jihozlangan holda hududiy bojxona boshqarmalari va olis hududlardagi bojxona postlariga tarqatildi.

Shuningdek, hozirda foydalanish muddati tugagan avtomashinalarni hisobdan chiqarish va «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali sotish choralari ko‘rilmoqda,” – deyiladi qo‘mita bergan izohda.

Top