22:17 / 15.09.2021
21317
Time 2021 yilning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatini e'lon qildi

AQShning Time nashri o‘z talqiniga ko‘ra 2021 yilning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatini e'lon qildi.

Aleksey Navalniy va Abdulg‘ani Birodar

Nashr ularni bir nechta toifa, jumladan “Titanlar”, “Novatorlar”, “San'at arboblari”, “Yetakchilar”, “Kashfiyotchilar” va “Kumirlar” bo‘yicha taqsimlab chiqqan. Ro‘yxat ishtirokchilari reytingi baholanmagan.

“Yetakchilar” toifasidan joriy yilda Jahon savdo tashkiloti rahbari Ngozi Okonjo-Iveala, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Italiya va Isroil bosh vazirlari Mario Dragi va Naftali Bennet, AQShning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari rahbari Roshel Valenski, Salvador prezidenti Nayib Bukele va “Tolibon” vakili, Afg‘oniston hukumati rahbari o‘rinbosari Abdulg‘ani Birodar o‘rin olgan. Shuningdek, ikkinchi yil qatorasiga ushbu toifaga Xitoy raisi Si Tszinpin, AQSh prezidenti Jo Bayden, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, Hindiston bosh vaziri  Narendra Modi, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris kirgan.

“Titanlar”dan Apple bosh direktori Tim Kuk, sport gimnastikasi bo‘yicha 4 karra Olimpiya chempioni, amerikalik Simona Baylz, AQShning eng ko‘p unvonlarga ega ayol yengil atletikachisi Ellison Feliks va boshqalar joy olgan.

“Novatorlar” toifasiga qo‘shiqchi Billi Aylish, Jorj Floyd oilasining advokati Ben Kramp, Xalqaro energetika agentligi rahbari Fatix Birol, keniyalik faol Fillis Omido va boshqalar kiritilgan.

Jurnal “San'at arboblari” toifasiga aktyor Omar Si, aktrisalar Skarlett Yoxansson va Keyt Uinslet, “Eng yaxshi rejissyor” yo‘nalishida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan ilk osiyolik ayol Xloya Chjao va boshqalarni kiritgan.

“Kumirlar”dan Britaniya shahzodasi Harri va uning rafiqasi Megan Markl, ayol tennischi Naomi Osaka, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy va boshqalar joy olgan.

“Kashfiyotchilar” toifasiga SpaceX asoschisi Ilon Mask, Nvidia kompaniyasi bosh direktori Jyensen Xuang, General Motors Company bosh direktori Meri Barra va boshqalar kiritilgan.

Top