22:32 / 16.09.2021
7545
Olimlar nasossiz va tashqi quvvat manbaisiz ishlovchi sun'iy buyrak ishlab chiqishdi 
Foto: Kidney Project

Amerikalik olimlar guruhi AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi va Amerika nefrologlar jamiyatining hamkorlikdagi Kidney Project loyihasi doirasida sun'iy buyrak ishlab chiqib, uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. E'tiborlisi, yangi ishlanmaga avvalgilaridan farqli o‘laroq, tashqi quvvat manbai va nasos kerak bo‘lmaydi - u organizmdagi qonning tabiiy harakatlanishida ishlaydi.

Sun'iy buyrak qondan zaharli moddalarni yo‘qotuvchi kremniy gemofiltr va inson buyragi hujayralari bioreaktoridan tashkil topgan. 

Olimlar organizmning bioreaktordagi yot hujayralarga immun ta'siri muammosini ham hal qilishgan. Endilikda implant foydalanuvchilariga organizmning yot hujayralarga ta'sirini bostirish uchun immunodepressantlar qabul qilishga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, ularga qonni suyultiruvchi dorilar ham kerak bo‘lmaydi. Yangi ishlanmaning asosiy afzalligi shundaki, u nasossiz, faqatgina qonning tabiiy bosimida ishlaydi, ya'ni unga nasosni ishlatish uchun talab etiladigan batareykalar va boshqa quvvat manbalari kerak emas. 

Yangi sun'iy buyrak surunkali buyrak yetishmovchiligiga ega odamlarning turmush tarzini yaxshilashi mumkin. Butun dunyoda ushbu kasallikdan 750 mlndan ko‘proq odam aziyat chekadi va yiliga bir milliondan ko‘proq odam vafot etadi. Hozirda bunday odamlar gemodializ jarayonidan o‘tish uchun haftasiga 3 marta shifoxonaga borishlariga to‘g‘ri keladi. 

Avvalroq ham olimlar sun'iy buyrak yaratish ustida ishlar olib borishgan, biroq har gal organizmning immun javobi, qurilmaning qulayligi va ishonchliligi borasida ko‘plab muammolar yuzaga kelgan. 

Mavzuga oid
Top