07:22 / 16.09.2021
11934

«Xorijga o‘qishga kirib, O‘zbekistonga muammosiz ko‘chir» – bunday e'lonlarga ishonish mumkinmi?

SSV Matbuot xizmati tibbiy ta'lim yo‘nalishiga oid bir necha muhim savollarga javob olish maqsadida vazirlikning fan va ta'lim boshqarmasi boshlig‘i A'zamjon Mahmudov bilan suhbat uyushtirdi.

– Chet elda tibbiyot yo‘nalishida ta'lim olayotgan talaba o‘qishini yurtimizda davom ettirishi uchun qanday talablar mavjud?

– 2021 yil 22 iyundagi «2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 15 iyuldan boshlab talabalar o‘qishini ko‘chirish tartibi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan «Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom» tasdiqlangan.

Mazkur hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 2 avgustda 2021/2022 o‘quv yilida tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga talabalar (klinik ordinatorlar) o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash jarayonlarini tashkillashtirish haqida 183-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida xorijiy va nodavlat oliy ta'lim muassasalarining mos va turdosh ta'lim yo‘nalishlaridan tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirishda test sinovlari bo‘yicha o‘tish bali 100 ball etib belgilangan. Ushbu balldan kam ball to‘plagan tibbiyot yo‘nalishida ta'lim olayotgan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Joriy yil Davlat test markazining transfer.dtm.uz elektron tizimi orqali Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu masala bo‘yicha 6 372 ta ariza kelib tushdi.

Test natijalariga ko‘ra: 100 ball va undan yuqori ball to‘plagan talabalar 545 nafarni, 99,9-56,7 ball to‘plaganlar 2 853 nafarni, 56,6 va undan past ball to‘plaganlar esa 2 764 nafarni tashkil etdi.

Ariza topshirganlarning 210 nafari esa turli sabablarga ko‘ra sinovlarda ishtirok etmagan.

– Keyingi vaqtlarda «Qo‘shni mamlakatda imtihonsiz talaba bo‘l, O‘zbekistonda 2-bosqichdan muammosiz o‘qi», degan e'lonlarga tez-tez ko‘zimiz tushmoqda. Bu haqida sizning fikringiz qanday?

– Bu kabi e'lonlarda «muammosiz», «hech qanday qiyinchiliklarsiz» degan iboralarning ishlatilishi mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra (O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi) taqiqlanadi. Qolaversa, xorijiy OTMlaridan respublikamiz oliy ta'lim dargohlariga o‘qishni ko‘chirish muammolarsiz emas, balki maxsus sinov-imtihonlari asosida amalga oshiriladi.

Shu bois chet elda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlardan turli «yordam beruvchi» tamagir va firibgarlarning takliflariga aldanib qolmasliklariga e'tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Qolaversa, bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimiz mehnat bozorida sifatli kadrlarga e'tibor tobora ortib bormoqda. Ya'ni endilikda o‘z ustida ishlamagan, salohiyati yuqori bo‘lmagan mutaxassislar mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi qiyin kechadi. Shu bois chet elda tahsil olishni istagan yoshlarga, eng avvalo, ta'lim sifati yuqori bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlarini tavsiya beraman.

Top