11:23 / 18.09.2021
45389
Yangi avtomobillarni xarid qilishda yuzaga kelayotgan "shapka"larga izoh berildi

Avtomobillar yetishmovchiligi tufayli bozorda noqonuniy yo‘llar yuzaga keldi. "O‘zavtosanoat" AJ Kun.uz savollariga javob berdi

17 sentyabr kuni Kun.uz saytida “UzAuto avtomobillari uchun turnaqator navbatlar. Sabab nimada?” sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Unda tahririyat “O‘zavtosanoat” AJga bir necha savol bilan murojaat qilgandi. Kompaniya Axborot xizmati sayt savollariga quyidagicha javob yo‘lladi:

2021 yil avgust-sentyabr holatida xaridorlarga o‘rtacha haftasiga qancha Cobalt, Nexia, Gentra va Spark rusumli yengil mashina yetkazib berilgan?

Avgust oyi mobaynida yangi platformadagi modellarni o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish uchun o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar va modernizatsiya ishlari sababli Asaka zavodi ishlab chiqarish liniyalari rejalashtirilgan tarzda to‘xtatilganligi bois, avgust-centyabr (birinchi yarmi) oylarida haftasiga o‘rtacha yuqoridagi avtomobillardan 850 dona, Damas va Labo modellarini qo‘shgan holatda 2100 donadan yetkazib berilgan. May-iyul oylarida haftasiga o‘rtacha 2 660 dona Cobalt, Nexia, Gentra va Spark, Damas va Labo modellarini qo‘shgan holatda 4 300 dona yengil avtomobil yetkazib berilgan. Sentabr oyining 2-yarmidan barcha avtomobillarni haftalik yetkazib berish soni umumiy 5000 donaga yetkazilishi ta'minlanadi.

Boshqaruv mikrochipi o‘rnatilmagan, biroq ishlab chiqarish konveyeridan chiqqan avtomobillar soni nechtani tashkil etadi?

Butun dunyoda yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi kuzatilayotgan bo‘lsa-da,“UzAuto Motors” avtomobillarga boshqaruv mikrochipini o‘rnatmagan holda ishlab chiqarishni davom ettirishga harakat qilmoqda. Hozirgi kunda boshqaruv mikrochipi o‘rnatilmay ishlab chiqarilgan avtomobillar soni 300 donani tashkil etmoqda, oy oxiriga qadar bu raqam 2000 donaga chiqishi kutilmoqda.

Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni mikrochiplar bilan ta'minlash holati qanday?

Bugungi kunda ta'minlanganlik darajasi umumiy hisobda o‘rtacha haftasiga 5000 donani tashkil etmoqda.

Ularni yetkazib berish qay yo‘sinda ta'minlanmoqda va bu ishlab chiqarish jarayoniga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

General Motors korporatsiyasi tomonidan 24/7 tartibida ishlovchi global miqyosda shtab tashkil etilgan bo‘lib, chip yetkazib beruvchilardan boshlab, avtomobil konveyerigacha bo‘lgan ta'minot zanjiri doimiy nazoratga olingan.“UzAuto Motor” AJ avtomobillari uchun kerakli bo‘lgan yarim o‘tkazgichli modullar dunyoning barcha joylaridan havo yo‘li orqali eng qisqa vaqtda konveyerga yetkazib kelinmokda.

“O‘zavtosanoat” AJ Axborot xizmati beshinchi savolga javob tariqasida quyidagilarni ma'lum qilgan.

Rasmiy avtodilerlarda “shapka” evaziga avtomobilni navbatsiz yetkazib berish holatlari haqidagi xabarlarni qanday izohlaysiz?

Avval xabar qilinganidek, barcha mamlakatlardagi avtomobil sanoati yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir davrlarni boshdan kechirmoqda. Mikrochiplarning tanqisligi natijasida qator yirik avtomobil zavodlari to‘liq yoki qisman yopildi.

“UzAuto Motors” kompaniyasi xalqaro muammolardan zavodlar faoliyatini to‘liq to‘xtatmagan holda hamda ish o‘rinlarini qisqartirmasdan, salbiy oqibatlarni imkon qadar kamaytirgan holda chiqib ketishga harakat qilmoqda. Shunga qaramasdan, ishlab chiqarish hajmi keskin tushib ketdi va oqibatda birlamchi bozorda yangi avtomobillarning yetishmovchiligi kuzatildi.

Ushbu salbiy oqibatlar avtomobillarni sotish hamda sotib olishning noqonuniy yo‘llarini keltirib chiqardi. Shaffof savdo tizimining mavjudligi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha turli xil chora-tadbirlarga qaramay, ba'zi shaxslar daromad topish hamda tizimni chetlab o‘tishning yangi usullarni o‘ylab topishmoqda.

Shunday qilib, yaqinda sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalari tuzganligi aniqlandi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu shaxslar yuzaga kelgan holatni o‘z biznesiga aylantirgan bo‘lib, ular navbatini kutishni xohlamaydigan xaridorlarga o‘z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzishadi. Ba'zilarning boshqalardan ajralib turish istagi va avtomobillarni qisqa vaqt ichida olishga bo‘lgan xohishi barcha mijozlar uchun noqulayliklarga olib kelmoqda.

Xususan, sentabr oyida diler korxonalarda o‘tkazilgan monitoring natijasida Namangan shahrida joylashgan “Do‘stlik Avtotexxizmat” MChJ faoliyatida qonunbuzarlik alomatlari mavjudligi aniqlandi va ushbu holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga huquqiy baho berish uchun ma'lumot taqdim qilindi. Bundan tashqari, “UzAuto Motors” AJ “Do‘stlik Avtotexxizmat” MChJ bilan dilerlik kelushuvini bekor qildi.

Bundan tashqari, “UzAuto Motors” kompaniyasi yangi avtomobillarni sotish va sotib olishning barcha noqonuniy yo‘llariga barham berish, buning oldini olish uchun savdo ma'lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizlik xizmati inspeksiyasining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat YHXX hamda ATKR vazirligi hamkorligidagi ushbu loyiha noqonuniy boyish tizimi paydo bo‘lishining oldini oladi va avtomobilni olishda o‘z navbatini boshqaga berishning imkonsizligini ta'minlaydi.

Bundan oldinroq, 2021 yil avgust oyi, ham yanvar-avgust oylarida UzAuto Motors tomonidan nechta yengil avtomobil ishlab chiqarilganiga doir statistik ma'lumotlar e'lon qilingan edi. Unda Gentra sedani 2 dona ishlab chiqilganini, Spark modeli esa umuman ishlab chiqarilmaganini ko‘rish mumkin. 

Mavzuga oid
Top