18:57 / 18.09.2021
4999

“O‘zimizni faqat o‘zimiz tushunamiz” - O‘zbekistonda ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun media-trening tashkil etildi

Loyiha axborot makonida nogironligi bor shaxslarning ishtirokini kengaytirish va o‘z muammolarini o‘zlari yoritishga imkon berishni ko‘zlagan.

Foto: KUN.UZ

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun media-trening Toshkent shahrida “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan va "Zamin" fondi, "Ziyo forum", "Believe Ven" hamkorligida 16-18 sentyabr kunlari tashkil etildi.

Media loyihadan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarga OAVda ishlash bo‘yicha fundamental bilimlarni berishdir.

“Bizning dardimizni o‘zimizdan boshqa hech kim tushunmaydi. O‘z muammolarimizni o‘zimiz ko‘tarib chiqishimiz kerak deb o‘ylayman. Nafaqat muammolarimiz, balki nimalarni his qilayotganimizni ham o‘zimizgina yaxshi yorita olamiz. Shu sababli, bizga jurnalistika va blogingda fundamental bilimlar zarur”, - deydi trening ishtirokchisi Mastura Shermuhammedova. 

Uch kun davomida amaliyotchi jurnalist va blogerlar materiallar ustida ishlash, kontent yaratish va medianing turli jihatlari haqida gapirib, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi. Loyihaga Kun.uz muxbiri ham murabbiy sifatida taklif qilindi.

“Ushbu kursga meni taklif qilishganida, rosti, bizda ham ijtimoiy mas'uliyatli insonlar borligi, volontyorlik harakati jonlanayotganini o‘ylab quvondim. Inklyuzivlashgan jamiyat — bu ezgu, o‘zaro mehrli, hamjihat, yetuk jamiyat.  

Biror bilim, tajriba yoki imkoniyatga ega bo‘lsak, uni ko‘ngilli bo‘lib ulashish bizni zamonaviy madaniyatli va mas'uliyatli inson sifatida yuksaltiradi. Ushbu daxldorlik hissidan kelib chiqib mazkur loyihaga meni taklif qilishganidan xursandman. Men bu darsdan lazzat oldim. Umid qilamanki, evaziga tinglovchilarga nimadir bera oldim”, — deydi adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova.

“Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova Kun.uz’ga ushbu loyihaga qo‘l urishdan avval nogironlik mavzusi media makonda kam yoritilishi aniqlanganini aytdi.

“OAVda nogironligi bor shaxslar qatnashuvining o‘sishi jamoatchilikning nogironligi bo‘lgan shaxslar ahvoli bo‘yicha xabardorligini oshirish va ularning huquqlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”, — deydi u. 

Loyiha davomiy bo‘lishi kutilmoqda.

Top