08:37 / 23.09.2021
1253
Surxondaryoda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 7 yoshli qiz vafot etdi

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida Neksiya-3 mashinasi 7 yoshli qizni urib yuborgan. Oqibatda, qiz vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 18 sentabr kuni soat 15:00larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-100 Manguzar-Denov avtomobil yo‘lining Oltinsoy tumanidan o‘tgan 155-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Denov-Oltinsoy yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelgan avtobusdan tushib qolgan ayol 2014 yilda tug‘ilgan qizi bilan yo‘lni kesib o‘tayotganda Oltinsoy-Denov yo‘nalishida harakatlanib kelgan Neksiya-3 mashinasi urib yuborgan. Oqibatda, qiz og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, qiz onasi bilan ko‘chani kesib o‘ta boshlaganda onasi tez kelayotgan mashinani ko‘rib to‘xtab qolgan. Qiz esa yugurib o‘tib ketishga uringan. Shuningdek, uni urib yuborgan Neksiya-3 mashinasi aholi punktida tezlikni belgilangan me'yorlaridan oshirib harakatlangani aniqlangan.

Top