10:49 / 28.09.2021
7694
Saakashvili Tbilisiga qaytishini e'lon qildi 

Gruziyaning sobiq prezidenti, hozirda Ukrainada qolayotgan Mixail Saakashvili 2 oktyabrga Tbilisiga aviachipta sotib olganini ma'lum qildi. Ushbu kun Gruziyada mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Foto: Facebook /gordonuacom

Saakashvili bu haqda Facebook’dagi obunachilariga murojaatida ma'lum qilgan va elektron aviachipta suratini ilova qilgan. Uning ta'kidlashicha, “Gruziyani qutqarish, omon qolish masalasi hal qilinmoqda va bu uni Kiyevdan Tbilisiga 2 oktyabrga aviachipta olishga undagan”.

“Men buni o‘zim uchun qilmayapman, menda hech qanday shaxsiy ambitsiyalar yoki biror lavozimni egallash istagi yo‘q. Men haqiqatan ham bu uchun kurashishni istamayman, biroq farzandlarimizning kelajagi bo‘lishi uchun kurashaman”, deb aytgan sobiq prezident.

“Saylov uchastkalari yopilgandan keyin erishgan g‘alabamizni himoya qilish uchun hammamiz shaharlar va qishloqlar ko‘chalariga chiqishimiz lozim. Men bu jarayondan chetda qololmayman. 2 oktabr kechki vaqt Tbilisida bo‘laman”, deb yozgan Saakashvili.

Aviachipta suratidan Saakashvili va uning onasi Giuli Alasaniya Kiyevning Borispol aeroportidan soat 19.20da uchib ketishini bilish mumkin.

Avvalroq Gruziyaning amaldagi rahbariyati vakillari Saakashvili Gruziyaga qaytishi bilanoq hibsga olinishi va turmaga yetkazilishini aytishgan. Sobiq prezident vatanida bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanmoqda va ulardan ikkitasi bo‘yicha hattoki sirtdan jazolangan. Oxirgi bir necha yil davomida Saakashvili bir necha marta vataniga qaytishga va'da bergan, biroq o‘z so‘zining ustidan chiqmagan.

Saakashvili Gruziyaga 2008–2013 yillar davomida rahbarlik qilgan. U 2013 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchragandan keyin mamlakatni tark etgan. Saakashvili 6 yildan beri Ukraina fuqarosi hisoblanadi va hozirda Ukrainaning milliy islohotlar kengashi ijroiya qo‘mitasi rahbari lavozimini egallamoqda.

Avvalroq Gruziyada saylovlar oldidan Saakashvili tasvirlangan “qonli” bannerlar paydo bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid
Top