Jahon | 23:41 / 29.09.2025
4209
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Saakashviliga Gurjiston budjetiga uch million dollar to‘lashi haqida hukm chiqardi

2025 yil mart oyida Tbilisi sudi Saakashvilini katta miqdordagi budjet mablag‘larini rastrata qilishda aybdor deb topgan edi.

Foto: Getty images

Tbilisi shahar sudi Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va Davlat maxsus qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Teymuraz Janashiyaga mamlakat budjetiga qariyb 9 million lari (3,3 million dollar) miqdorida tovon to‘lash majburiyatini yukladi. Bu haqda «Gruziya Online» xabar berdi.

2025 yil mart oyida Tbilisi sudi Saakashvilini katta miqdordagi budjet mablag‘larini rastrata qilishda aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud Janashiyani mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi va 300 ming lari miqdorida jarimaga tortdi.

Shundan so‘ng, Gurjiston Adliya vazirligi Saakashvili va Janashiyaga nisbatan 9 million lari miqdoridagi o‘g‘irlangan pullarni undirish bo‘yicha fuqarolik da’vosini qo‘zg‘atgan edi.

Mixail Saakashvilining advokati Beka Basilay sud qarorini sharhlar ekan, sud tizimi «[hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi asoschisi Bidzina] Ivanishvilining ko‘rsatmalariga bo‘ysunishini» aytdi.

«Saakashvili, masalan, Gurjistonda Donald Trampni qabul qilgani yoki Vatslav Gavel qabriga gul qo‘ygani uchun xarajatlarni qoplashi kerakligi aytilmoqda. Bu nima degani? Saakashvilining ishi bo‘yicha tanlab olingan, siyosiy asoslangan, mutlaqo asossiz qarorlarni ko‘p ko‘rganmiz. Endi bunga moliyaviy ta’qib ham qo‘shildi - uni qarzdorlar reyestriga kiritmoqchi. Qayerga shikoyat qilsak, o‘sha yerda bizni o‘sha sudyalar kutib turibdi», dedi u.

Rastrata haqidagi sud qaroridan ko‘p o‘tmay, Tbilisidagi sud Saakashvilini chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topdi va to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Saakashviliga chiqarilgan barcha hukmlar hisobga olinsa, u 12 yil-u 6 oy, ya’ni 2034 yil 1 aprelgacha qamoqda o‘tirishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid