20:47 / 29.09.2021
12990

Aholi energiya manbalarini tejab ishlatishga chaqirilmoqda

O‘zbekistondagi har bir xonadon bir yilda 400 kVt/soat, respublika bo‘yicha esa 2,8 mlrd kVt/soat elektr energiyani tejash mumkin. Energetika vazirligi aholini tejamkorlikka chaqiruvchi videorolik e'lon qildi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda energiya iste'molining 23 foizi xususiy turar joy fondiga to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda bu raqam 40 foizni tashkil etmoqda. Vazirlik Axborot xizmati rahbari Sabina Bekmurodovaning ma'lum qilishicha, Yevropada 1 kvadrat metr uchun energiya iste'moli yiliga 120-150 kVt/soat bo‘lsa, O‘zbekistonda shu maydon uchun ko‘rsatkich 390 kVt/soatdan oshmoqda. Ta'kidlanishicha, energiyadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmas ekan, energiya manbalarini ishlab chiqarish qanchalik ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni ta'minlash mushkul vazifa bo‘lib qoladi.

Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutkich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Elektron uy jihozlaridan foydalanib bo‘lgach, rozetkadan uzib qo‘yilmasligi ham energiya sarfiga sabab bo‘ladi.

Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U elektr rozetkasiga ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt/soat, yiliga 18 kVt/soat energiya sarflaydi. Respublika miqyosida o‘rtacha 7 million xonadonning har birida bittadan quvvatlagich rozetkada qolsa, bir oylik va bir yillik energiya sarfi qancha bo‘lishini hisoblash unchalik ham qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Mutaxassislarning elektr energiya tejamkorligini ta'minlash maqsadida o‘tkazgan o‘rganishlaridan ma'lum bo‘lishicha, hozirda O‘zbekistondagi har bir xonadonda (o‘rtacha 7 million xonadon elektr ta'minotiga ulangan) bir yilda o‘rtacha bitta xonadon 400 kVt/soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,8 milliard kVt/soatga aylanadi.

2,8 mlrd kVt/soat tejalgan elektr energiyasi o‘rtacha bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash imkonini beradi.

Mavzuga oid
Top