15:39 / 30.09.2021
8682
Samarqandcha tenderlar: tibbiy jihozlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan firmalarni “siylash” an'anaga aylangan

Yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Samarqanddagi o‘rganishlari davomida davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlari aniqlanganini ma'lum qildi.

Kun.uz o‘sha g‘ayritabiiy o‘yinlar – davlat xaridlari qanday amalga oshirilganini dxarid.uz va tender.mc.uz maxsus axborot portaliga joylashtirilgan e'lonlar misolida o‘rgandi.

Agentlik Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 4ta lot bo‘yicha tibbiyot uskunalarini xarid qilish uchun e'lon berilgani va mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan korxonalar ta'sischilarining o‘zaro qarindoshlik aloqalari borligiga e'tibor qaratgan.

Ma'lum bo‘lishicha, dxarid.uz saytiga joylashtirilgan 7132781 lot bo‘yicha to‘rtta korxona qatnashgan. “GAMMA MED”, “SAMARQAND EKO MED”, “SAMARQAND IDEAL PHARM” hamda “TRADEUZ-TECHNO” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari 1 224 050 000 so‘mlik lotni yutib olish uchun o‘z taklifini bergan. Natijada, Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga zarur mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyati “SAMARQAND IDEAL PHARM” MChJga nasib qilgan.

Bunday olib qaraganda, hammasi risoladagidek, g‘olib bo‘lgan korxona boshqalariga qaraganda qulay narx taklif qilgan. Shu o‘rinda masalaning parda ortida turgan tomoniga e'tibor qaratsak.

Eng qizig‘i, 7132781 raqamli lot dxarid.uz saytiga 2021 yilning 23 iyul kuni joylashtirilgan. Omadli tasodifni qarangki, “SAMARQAND IDEAL PHARM” MChJ ham aynan joriy yilning 23 iyulida tashkil qilingan. Korxona tashkil topgan kuniyoq “omadi chopgan”.

Tasodiflar shu bilan tugab qolmaydi. Masalan, “SAMARQAND IDEAL PHARM” bilan birga tenderda qatnashgan qolgan ikkita korxona - “GAMMA MED” va “SAMARQAND EKO MED” ham bitta manzilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ya'ni farmatsevtika tovarlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi uchta da'vogar firma Samarqand shahri, Bo‘stonsaroy ko‘chasi 40-uyda joylashgan.

Tasodiflarni sanashda davom etamiz. Tenderda qatnashish uchun ariza bergan to‘rtinchi firma – Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “TRADEUZ-TECHNO” MChJ esa negadir 4 avgust kuni tanlovda qatnashishdan voz kechgan.

Endi mazkur tenderda “hokim” bo‘lib qolgan uch firmaning ta'sischilariga e'tibor qilsak. Yuqorida uchta korxona ham bitta manzilda ro‘yxatdan o‘tkazilganini eslatdik. Aytish mumkinki, “GAMMA MED”ning uch nafar ta'sischilaridan biri “SAMARQAND EKO MED”ning rahbari hamdir. O‘z navbatida, “SAMARQAND EKO MED” ta'sischilari orasida “GAMMA MED” MChJ ham bor. Umuman, bu uchta tibbiy jihozlar yetkazib berishga ixtisoslashgan va bir tanlovda ularning bir vaqtda hozir bo‘lishi tasodif ekani shubhali.

Savol tug‘iladi, bu yerda tanlov o‘tkazilganmi o‘zi? Yoki shundoqqina g‘oliblik taqdim qilinganmi?

Joriy yil 19 iyul kuni joylashtirilgan lotni (7132199) “GAMMA MED” MChJ yutib olgan. Bu safar ham Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 1 029 991 750 so‘mlik tibbiy mahsulotlar yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. E'tiborni tortadigan jihat, yuqorida aytganimiz 7132781 raqamli lot g‘olibi bo‘lgan “SAMARQAND IDEAL PHARM” MChJning rahbari bu safar “GAMMA MED” MChJning huquqshunosi sifatida bayonnomaga imzo qo‘ygan. Umuman, bu sanalgan firmalarda bir o‘rinda rahbar bo‘lgan odam boshqasida ta'sischi, ta'sischi bo‘lgani boshqasida huquqshunos vazifasida ishlagan.

Shuningdek, 19 iyul kuni savdoga qo‘yilgan qariyb 1 mlrd so‘mlik lotni (7132089) “SAM MED TORG” MChJ yutib olgan. Aytish mumkinki, dxarid.uzex.uz saytida Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi doimiy ishlovchi tanlov (tender) komissiyasi yig‘ilishi bayoni joylashtirilgan bo‘lib, unda g‘olib “SAM MED TORG” jamiyati manzili Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasi 23-uy deb ko‘rsatilgan. Ammo mazkur korxona manzili boshqa manbalar orqali tekshirilganda, u ham bizga eski tanish – Samarqand shahri Bo‘stonsaroy ko‘chasi 40-uyda joylashgani ma'lum bo‘ldi.

Demak, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rasmiylashtirgan bayonnomada g‘olib korxonaning joylashgan manzili noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Anglashiladiki, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tegishli mazkur lotlarning barchasi bir manzildagi turli nomli korxonalar tomonidan yutib olinavergan. Tender o‘tkazuvchi markazning 9 nafar mas'ul xodimlari – doimiy komissiya esa g‘olib deya, imzo qo‘yib beravergan.

Yana bir holat. Joriy yilning 19 sentabr kuni Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining feysbukdagi sahifasida “Tanlov bayonnoma va shartnomalari viloyat g‘aznachilik boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tkazilmay turib bekor qilingan” sarlavhasi bilan munosabat e'lon qilindi.

Tender bekor qilingani aytilgan bo‘lsa-da, amalda buning rostligiga dalil ko‘rsatilmadi. Sababi, dxarid.uzex.uz saytida ayni vaqtda ham yuqoridagi lotlar o‘ynalgan, yakunlangan va g‘oliblar ko‘rsatilgan holatda turibdi. Bayonnomalar tuzilib, shartnomalar rasmiylashtirilgan. Tanlovlar o‘tkazilganiga bir yarim oydan ortiq vaqt o‘tdi. Bir kunda firma ochib, tanlovda g‘olib bo‘la olgan korxonalar tibbiyot markaziga g‘olib sifatida mahsulotlarni yetkazib bermagan, deb ham ayta olmaymiz.

Qiziq bir jihat bor, biz taqdim qilayotgan ushbu ma'lumotlar juda ham yashirin emas. Shunchaki, ochiq manbalardan olingan ma'lumotlar tahlil qilindi, xolos. Nahotki, o‘zlari tayyorlagan, imzolagan bayonnoma va shartnomalarga Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining tender o‘tkazishga mas'ul doimiy komissiya a'zolari e'tibor qilmagan? Umuman, amalda bir jamoada bo‘lgan “tadbirkorlar” bir manzilda korxonalar tashkil qilib, bemalol tenderlarda qatnashsa bunday tenderlarni o‘tkazishdan mantiq bormi?

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvlarini davom ettiradi.

Shuhrat Shokirjonov

Top