12:29 / 01.10.2021
12330
AQSh Afg‘onistonda tashlab ketgan qurol 85 milliard dollarga baholandi

Amerikalik harbiylar Afg‘onistonda tashlab ketgan qurol va harbiy texnikaning umumiy narxi 85 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Rossiyaning harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmati direktori Dmitriy Shugayev ma'lum qildi.   

Foto: AP

“Ochig‘ini aytganda, ushbu raqam — 85 mlrd dollar vahimalidir. O‘ylab ko‘ring: 22 mingta zirhli avtomobil, 358 mingta avtomat, 176 ta artilleriya qurilmasi, 8 mingta yuk mashinasi, transport samolyotlari, yuzdan ortiq vertolyotlar – jangarilarni boshdan oyoq qurollantirishdi”, deb aytgan mutaxassis.

Shugayev AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan shoshmashosharlik bilan olib chiqilishiga izoh berib, “bundan battarroq ssenariyni o‘ylab topish mushkul bo‘lsa kerak”, deb aytgan.

“Amerikalik hamkorlarning ishonchliligi vaqt sinovidan o‘ta olmadi. Bunday holatlarda “o‘z oyog‘iga o‘zi o‘q uzdi”, deyiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Shugayev. 

AQSh harbiylari Afg‘onistonda 2001 yil kuzidan beri qolgan. Bu vaqt ichida 2400 amerikalik harbiy halok bo‘lgan, harbiy amaliyotga 1 trln dollardan ko‘proq pul sarflangan.

Avgust oxirida Kobul aeroportidan AQShning oxirgi samolyoti uchib ketgandi. Amerikalik harbiylar Afg‘onistondan ketish oldidan evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmagan harbiy texnikani yaroqsiz holga keltirishga urinishgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top