21:11 / 02.10.2021
11286
Oliy ta'lim vaziri o‘qish jarayonida sifat davri boshlanayotgani hamda giper kontraktlarni bekor qilish haqida gapirdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Xalqaro press-klub sessiyasida giper kontraktlarning kelgusida bekor bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, endilikda oliy ta'limda sifat bosqichi boshlanayotgani haqida gapirdi.

Foto: Xalqaro press-klub

«O‘zbekistonda aksar yoshlar o‘qishga kirishda qaysi OTMning kirish balli pastligi kelib chiqib yondashadi. Bu – maqsadsizlikning belgisi. Shunday bo‘lganidan keyin talaba bir yil o‘tib, o‘qishini qayergadir ko‘chirishni o‘ylaydi.

Biz tabaqalashtirilgan super kontrakt haqida gapiryapmiz. Bu kimnidir nazdida eng to‘g‘ri yechim emasdir. Lekin biz shu yo‘lni qilmasak, bir chemodan pul ko‘tarib yurgan odam bolasini o‘qitish uchun baribir qandaydir yo‘llarini izlaydi.

Keyingi yillardan, balki, super kontraktni qoldirgan tarzda giper kontraktni bekor qilarmiz. Lekin yil o‘tgan sayin super kontrakt to‘lab o‘qiyotganlar soni ham kamayib boryapti. Chunki kvotalar va OTMlar ham ko‘paymoqda», – dedi vazir.

Abduqodir Toshqulovga ko‘ra, vazirlikka xorijda o‘qishga kirish oson, ammo bitirish qiyinligi, O‘zbekistonda esa aksincha ekanligi borasida juda ko‘p e'tirozlar bo‘ladi.

«Bizda bu yil pandemiya va imtiyozlar davri o‘tdi. Biz mana shu yildan bosqichma-bosqich o‘qish jarayoni og‘ir bo‘ladigan yo‘nalishga kiramiz.

Bilasizmi, hozir O‘zbekistonning qaysidir burchagida biror talaba kursdan qolsa, vazirgacha chiqishyapti. Odamini topishadi, qarindoshini topishadiki, shuni hal qilmoqchi bo‘ladi. Yo‘q. Endi bu narsalardan voz kechish kerak.

O‘sha aytilayotgan rivojlangan davlatlarda 70-80 foiz bola bakalavr bosqichini bitira oladi. Ularning aksariyati o‘qishni 7-8 yilda bitiradi. Shuning uchun faqat puli bor odam o‘qiydimi, deydiganlarga aytmoqchiman, endi o‘qish qiyin bo‘la borgan sari ular ham qo‘shimcha o‘qib atrofidagilarga yetib oladi yoki kursdan qoladi.

Endi sifatga qarab boradigan vaqt keldi», – deya vazir Abduqodir Toshqulov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top