14:40 / 03.10.2021
5364

Braziliyaning barcha shaharlarida prezident Bolsonaruga qarshi namoyishlar boshlandi

Shanba kuni Braziliya shaharlarida minglab kishilar mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga qarshi namoyishlarda ishtirok etish uchun ko‘chalarga chiqishdi.

Foto: Reuters

Namoyishlar muxolifatdagi partiyalar hamda kasaba uyushmalari tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, navbatdagi saylovlarga roppa-rosa bir yil vaqt qolganida o‘tkazilmoqda.

Bolsonaruning reytingi doimiy ravishda pasaymoqda - ko‘plab braziliyaliklar prezident koronavirus pandemiyasiga qarshi harakatsizlik qilganidan norozi: ayni vaqtga kelib mamlakatda ushbu kasallik va uning oqibatlaridan vafot etganlar soni 600 ming kishidan oshdi.

Faollar prezident Bolsonaruning iste'fosini talab qilishmoqda

Norozilik aksiyalari mamlakatdagi 160dan ortiq shaharlar bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Ishtirokchilar qo‘llarida Bolsonaruning iste'fosi talab qilingan tablichkalarni ko‘tarishgan.

«Bu prezident o‘zida barcha qoloqliklarni aks ettiradi - ochlik, qashshoqlik, korrupsiya. Biz demokratiyani himoya qilish uchun bu yerdamiz», degan «Frans-press» agentligiga faollardan biri Valdu Oliveyra.

Norozilik aksiyalari Braziliyaning 160 shahrida o‘tkazilmoqda

Braziliya deputatlar palatasiga Bolsonaruning impichmenti talab qilingan yuzlab so‘rovlar kelib tushgan, ammo ularning barchasi rad etilgan.

Mamlakat oliy sudi yaqinda prezidentga nisbatan bir necha holat bo‘yicha tekshiruvlarga ruxsat bergandi.

Shanba kungi namoyishlar Bolsonaruni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan aksiyalar ortidan uyushtirildi. Avvalgi mitinglar amaldagi davlat rahbari hamon xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatish uchun hokimiyat vakillari tomonidan tashkillashtirilgandi. Holbuki so‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Bolsonaru mashhurlik bobida sobiq prezident Luis Inasio Lule da Silvadan ortda qolmoqda.

Bugungi kunda Bolsonaruni qo‘llab-quvvatlash reytingi antirekord qayd etgan. Atlas Institute o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, braziliyaliklarning 61 foizi uning hukumati faoliyatini salbiy baholaydi, 2019 yil yanvarida, u endi lavozimga kirishganida bu ko‘rsatkich 23 foiz atrofida edi.

Top