12:38 / 05.10.2021
9290
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Marosimdan so‘ng prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Turkmaniston yetakchisini samimiy qutlab, 27 sentabr kuni nishonlangan bayram – ushbu mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan yana bir bor muborakbod etdi hamda birodar turkman xalqiga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.

«Har bir uchrashuvimiz tarixiy ahamiyatga ega muhim voqeadir. Barcha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etildi va xalqlarimizga xizmat qilmoqda. Bugun sherikligimizning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qilish va uzoq muddatli istiqbolga yangi «o‘sish nuqtalarini» belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Sizning tashrifingiz mintaqaviy va xalqaro maydonda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi», - deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Turkmaniston prezidenti mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga yetganini qayd etdi.

«O‘zbekiston – bizning yaqin qo‘shnimiz va strategik sherigimiz. Keyingi yillarda hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Bu siyosatda ham, savdo-iqtisodiy sohada ham, madaniy-gumanitar sohada ham o‘z aksini topmoqda. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Chunki maqsadlarimiz hamohang», - dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Uchrashuvda davlat rahbarlari ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholadilar. Yetakchilar O‘zbekiston-Turkmaniston ko‘p qirrali hamkorligida mavjud masalalarning butun doirasini muhokama qilib, konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar.

Keyingi to‘rt yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga ko‘payib, 400 million dollardan oshdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash yana 25 foizga ortdi.

Joriy yil 14 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 16-yig‘ilishi hamda 4 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi natijalari o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

«Ikki mamlakatning, ayniqsa chegaradosh hududlari o‘rtasidagi hamkorlikning salohiyati ulkan ekani alohida ta'kidlandi. Turkmanistonning Lebap va Doshog‘uz viloyatlari rahbarlarining shu yil 22 sentabr kuni O‘zbekistonning Buxoro va Xorazm viloyatlariga do‘stlik tashriflari bunga misoldir. Prezidentlar bunday muntazam uchrashuvlar ikki mamlakat va xalq o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladilar.

Suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikka yuqori baho berildi. Tomonlar 13 sentabr kuni Toshkentda Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Mintaqa va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish hamda joriy yil 6 avgust kuni Avazada o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani ta'kidlandi.

Toshkentdagi muzokaralar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning o‘zaro anglashuvi va jipsligining - bugungi kunda ro‘y berayotgan voqealar fonida ayniqsa muhim bo‘lgan jihatning navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Top