14:15 / 06.10.2021
37686
Qamoqqa olib borgan kutilmagan safar – “Tokio atirguli” kim edi?

Dunyo tarixidagi oktyabr oyining shov-shuvli voqealaridan biri AQShga xiyonat qilganlikda ayblangan “Tokio atirguli”ning qamoqqa olinishidir. Amerikalik yapon Iva Toguri II Jahon urushida radioeshittirishlari bilan amerikalik askarlarning ruhiyatini tushirganlikda ayblanib, 1949 yil 6 oktyabrda qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Foto: Wikimedia Commons

Iva Toguri 1916 yilning 4 iyulida Los Anjyelesda yapon oilasida tug‘ilgan. Uning otasi o‘sha paytda shtatdagi katta savdo do‘koniga egalik qilardi. 2 xil madaniyat ta'sirida ulg‘aygan Iva bolaligidan shifokor bo‘lishni orzu qilgan. Bunga sabab uning onasi ancha vaqtdan beri qand kasali bilan kurashib kelardi. Qiz maktabni tamomlab, AQShdagi Kaliforniya universitetining zoologiya bo‘limiga o‘qishga kiradi.

Qimmatga tushgan kutilmagan safar

1941 yilda universitetni bitirgan Iva tasodifan Yaponiyaga ketishga majbur bo‘ladi. O‘shanda Ivaning xolasi betob bo‘lib qolgandi va uni parvarish qiladigan kishi yo‘q edi. AQShdan erkin fuqaro sifatida Yaponiyaga jo‘nagan Iva, oradan 8 yil o‘tib vataniga mahbusdek qaytishini bilmagandi. 

Foto: Getty Images

Yaponiyaga kelgan Iva o‘zini mamlakatga begona his qilishni boshlaydi va Amerikaga qaytish uchun yo‘l izlaydi. Shu o‘rtada 1942 yil Yaponiya va Amerika o‘rtasidagi vaziyat jiddiy tus olib, yaponlar AQShning Gavai oroliga hujum uyushtiradi. Bu – Ivaning AQShga qaytishini yana ham qiyinlashtiradi. AQShga Yaponiyadan ketgan so‘nggi kema Ivasiz jo‘naydi.

Amerikalik askarlarga qarshi propaganda dasturi

Yaponiya politsiyasi Ivadan yapon fuqaroligini qabul qilishini va yapon imperatoriga sadoqat bilan xizmat qilishini talab qiladi, biroq Toguri buni rad etadi. Natijada unga yapon fuqarolariga imtiyoz tariqasida beriladigan oziq-ovqat kartasi berilmaydi. Xolasining qo‘shnilari uni Amerika josusi deb o‘ylab, Ivaga tinchlik berishmagach, u boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘ladi.

Iva ham yashash uchun kurashishi kerak edi. Shu sabab dastlab ingliz tilida chiqariladigan gazetalarga ishga kiradi, keyin Yaponiya Milliy axborot agentligi — Domei’da ish boshlaydi. Bu yerda u radioeshittirishlarni qog‘ozga tushirish bilan shug‘ullanadi. Tokio radiosida ishlab yurgan vaqtlarida Ivadan Janubiy-sharqiy Osiyodagi Amerika askarlari uchun ko‘ngilochar dastur “Zero Hour” efirini olib borishini so‘rashadi. “Zero Hour”ning yashirin maqsadi amerikalik askarlarning ruhiyatini tushirish edi. Iva “Zero Hour”da 3 yil ishlab, dasturning 340 sonini olib boradi. AQShga qaytish imkoni bo‘lmagach, Toguri yapon-portugal yigiti bilan oila quradi.

Muxbirga aldangan aybsiz aybdor

1945 yilda Yaponiya Amerikaga taslim bo‘ladi. Urush tugagach, juda ko‘p amerikalik muxbirlar shov-shuvli voqealarni izlab, Yaponiyaga keladi. 2 muxbir “Tokio atirguli” nomi bilan mashhur bo‘lgan ingliz tilida radioeshittirishlarni olib borgan ayollarni izlashadi. “Cosmopolitan” jurnali muxbirlari Garri Brundij va xalqaro yangiliklar xizmati Klark Li "Tokio Atirguli" bilan eksklyuziv intervyu qilishga kirishadilar. Radio xodimlaridan biri Ivani muxbirlarga “Tokio atirguli” deb tanishtiradi. Muxbirlar Ivaga intervyu uchun 250 dollar taklif qilishadi. Urushdan keyingi yapon aholisining yillik daromadi esa 80 dollarni tashkil qiladi. Brundij agar intervyu eksklyuziv bo‘ladigan bo‘lsa, 2000 dollar berishni aytadi. 

Foto: Getty Images

AQShga qaytish uchun mablag‘ga muhtoj Iva taklifni qabul qiladi. Toguri bilan intervyu qilgan jurnalistlar u haqida 17 varaqli “Tokio aturguli” maqolasini yozishadi. Ammo “Cosmopolitan” jurnali Brundijning maqolasini qabul qilmaydi va tahririyat Ivaga taklif qilingan pulni berolmasligini aytadi. Natijada muxbir Ivaga pulni berishdan qutulish yo‘llarini izlaydi. Va Tokiodagi Yokohama Bund mehmonxonasida 100 nafar muxbirni to‘plab, matbuot anjumani o‘tkazadi. Anjumanga amerikalik general ham tashrif buyurgandi. Muxbir generalga intervyu matnini berib, mana, AQShga xiyonat qilgan ayol deb Togurini ko‘rsatadi.

13 hafta davom etgan sud

Foto: Bettmann / Getty Images

AQSh politsiyasi radioeshittirishlari uchun Ivani tergov qilishni boshlaydi va u 1 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Biroz vaqt o‘tgach, dalillarning kamligi sabab Iva ozod qilindi. Ammo bu Ivaga ishi batamom yopilganini anglatmasdi. Uni AQShga olib kelib sud qilish taklif qilinadi. 1949 yil 5 iyulida Ivaga nisbatan sud boshlanadi. Sud 13 hafta davom etib, 75 ming dollarga tushadi. Bu o‘sha paytgacha bo‘lgan AQShdagi jinoiy javobgarlik sud xarajatlaridan ancha ko‘p edi. Iva ishini 80 soat davomida ko‘rib chiqqan hakamlar, 6 oktyabr kuni uni 10 yilga hukm qilib, 10 ming dollar jarimaga tortishadi.

Sharafli xotima

Iva 6 yildan keyin 1956 yilda o‘zining yaxshi xulq-atvori uchun qamoqdan vaqtli ozod qilinadi va Chikagoda yashayotgan oilasi yoniga qaytadi. Keyinchalik Iva oqlanadi. Iva 20 yil Chikagoda shtatsiz fuqaro bo‘lib yashadi. 1976 yilda AQShning 38-prezidenti Herald Ford Ivaga uzrnoma jo‘natadi. 2006 yil 15 yanvarda Ikkinchi jahon urushi faxriylari qo‘mitasi Toguriga uning cheksiz ruhi, vatanga muhabbati va jasorati uchun "Edvard J. Herlixi fuqarolik mukofoti"ni taqdim qiladi. 2006 yil 26 sentyabrda Iva Amerika fuqarosi bo‘lib vafot etdi.

Top