Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi davomida 12 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi
Ushbu kelishuvlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini qamrab oladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi, deb yozdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, ushbu mamlakat imperatori, bosh vaziri, parlamentning ikkala palatasi rahbariyati, hukumat a’zolari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat vakillari bilan o‘tkazilgan muzokara va uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy format doirasidan chiqib, uzoq muddatli strategik o‘lchov kasb etganini yaqqol namoyon etdi.
“Tashrifning asosiy xususiyati iqtisodiy sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitishga yo‘naltirilganidadir. Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar asosan gumanitar hamkorlik va texnik ko‘mak loyihalariga tayangan edi. Bugun esa O‘zbekiston Prezidentining pragmatik va izchil siyosati natijasida ikki tomonlama kun tartibi qayta shakllantirilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Bunga yorqin dalil sifatida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelining shakllantirilganini keltirish mumkin. Ushbu kelishuvlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini qamrab oladi. «Yashil» energetika, energiyani saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yetakchi yapon korporatsiyalari bilan uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi”, deya ta’kidlaydi prezident matbuot kotibi.
Asadovning e’tirof etishicha, tashrif doirasida O‘zbekiston prezidentining “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining ilk sammitida ishtirok etgani ham muhim voqea bo‘ldi. Hududiy o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, investitsiyaviy va raqamli sheriklikni kengaytirish, inson kapitali salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilayotganini aks ettiradi. Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi ushbu yondashuvni ko‘p tomonlama darajada mustahkamladi.
“Umuman olganda, Yaponiyaga rasmiy tashrif natijalari O‘zbekistonning dunyodagi yetakchi texnologiya va investitsiya markazlaridan biri bilan to‘laqonli strategik sheriklikka bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatimizning ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini amalga oshirish, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda o‘z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatini tasdiqlaydi”, deya fikr bildirgan Sherzod Asadov.
Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston yetakchisi 21-22 dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida va MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.
Mavzuga oid
18:29
Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga keldi
17:49 / 20.12.2025
Shavkat Mirziyoyev Tokiodan Sankt-Peterburgga yo‘l oldi
17:12 / 20.12.2025
“Hukumatingiz ko‘magini doimiy his qilishni istaymiz” – Toyota Tsusho mintaqaviy direktori
16:59 / 20.12.2025