15:12 / 06.10.2021
12032
Toshkent viloyatida 200 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni muomalaga chiqarib yuborgan shaxslar hibsga olindi

Toshkent viloyatida qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuradan iborat jami 50 mln so‘mni 5 mln so‘mga sotayotganlar qo‘lga olindi. Ular bunga qadar jami 210 mln so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga chiqarib yuborishgani aniqlandi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda pullarni qalbakilashtirish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: DXX axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, Olmaliq shahrida yashovchi, 33 yoshli fuqaro S.Sh. qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuradan iborat jami 50 million so‘mni 5 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, uning yashash manzilida 2 million 600 ming so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida ushbu qalbaki pullar Olmaliq shahrida yashovchi, 22 yoshli  U.M. va Pskent tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli M.S. tomonidan kompyuter va rangli printer yordamida tayyorlangani aniqlanib, ular ham hibsga olingan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Shuningdek, ushlangunga qadar ular jami 210 million so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga chiqarib yuborgani aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lumotiga ko‘ra, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top