16:33 / 08.10.2021
8822

Yangi nashriyotning ilk tuhfasi - Erix Mariya Remarkning «Qora haykal» romani kitobxonlarga taqdim etildi

Asarda o‘tgan asrning ikki yirik fojiasi – Birinchi va Ikkinchi jahon urushi oralig‘idagi hayot, insonlarning kayfiyati, yo‘qotilgan avlod, hayotiy qadriyatlar haqida so‘z boradi.

Mamnuniyat bilan ayta olamizki, bugungi kunda O‘zbekistonda kitob sanoati, kitobxonlik yangi va o‘ziga xos bosqichga ko‘tarildi. Shuningdek, jahon adabiyoti durdonalari tarjimalari ustida ham salmoqli natijalar ko‘zga tashlanmoqda.

Nodirabegim Ibrohimova, adiba, jurnalist:

– Yo‘qotilgan avlod yozuvchilari turkumiga kiruvchi, Birinchi jahon urushi ishtirokchisi Erix Mariya Remark o‘zining kitoblari bilan urush ko‘rgan insonlarning kayfiyati, ruhiyati, ichki kechinmalarini yorqin ochib bergan yozuvchi hisoblanadi. Hozirda o‘zim ham uning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romanini mutolaa qilmoqdaman. Aytish kerakki, ushbu asar uchun Remark fashistlar tomonidan uzoq vaqt ta'qib qilingan, hattoki fuqaroligidan mahrum qilingan. Umri qochqinlikda o‘tgan Remark ko‘plab asarlar bitdi. Mana bugun “Factor press” nashriyoti tomonidan “Qora haykal” romani ham chop etilibdi. Bu kitob Remark muxlislariga ajoyib sovg‘a bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Saodat Abdurahmonova, tarjimon:

– Nemis yozuvchisi Erix Mariya Remark “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Uch og‘a-ini”, va “Lissabondagi tun” asarlari bilan o‘zbek auditoriyasiga yaxshi tanish. O‘zbek kitobxonlari mazkur asarlarni iliq kutib olgani bois, yozuvchining yana bir kitobi “Qora haykal” romanini ham o‘zbek tiliga tarjima qilish fikri tug‘ildi va “Factor press” nashriyoti bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishdik. Remark mazkur asarida o‘tgan asrning yigirmanchi yillaridagi Germaniya hayotini tasvirlaydi. Unda o‘tgan asrning ikki yirik fojiasi – Birinchi va Ikkinchi jahon urushi oralig‘idagi hayot, insonlarning kayfiyati, yo‘qotilgan avlod, hayotiy qadriyatlar haqida so‘z boradi.

Bu bilan parallel ravishda, muallif inson o‘zi nega yashaydi, hayotning, dinning mohiyati nimada degan savollarga javob izlaydi.

Sohibjamol Kattayeva, nashriyot rahbari:

– Nashriyot faoliyati boshlanganiga besh oy to‘lgan bo‘lsa, Erix Mariya Remarkning “Qora haykal” kitobi bizning ilk katta loyihalarimizdan biri edi. Kitob ustida besh oy davomida ish olib borildi. Nashriyot jamoasi asosan yoshlardan tashkil topgan bo‘lishiga qaramasdan har bir ishimiz yillar davomida o‘z ustida ishlab kelgan, katta tajribaga ega bo‘lgan ustozlar bilan hamkorlikda, bamaslahat olib borilmoqda. Remarkning “Lissabondagi tun” asari tarjimasini tahrirlagan ustozimiz Saidjalol aka Saidmurodov kitobni tahrirlashda yaqindan ko‘mak berdilar. Kelgusidagi boshqa barcha rejalarimiz qatori Remarkning yana ikkita kitobi tarjimasini kitobxonlarga taqdim etmoqchimiz. Kitobning tarjimasi, mehnatimizga beriladigan xolis bahoni kitobxonlardan kutib qolamiz.

Kitobxonlikni rivojlantirish, munosib rag‘batlantirish maqsadida esa nashriyot ham ayni chop etilgan kitob doirasida kichik sovrinli tanlov e'lon qilgan. Tanlov kitob yuzasidan ikki bosqichli savol-javob shaklida nashriyotning Telegram’dagi rasmiy sahifasi https://t.me/factor_books’da joriy yilning 31 oktabr sanasi 21:00da o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga:

1-o‘rin – 500.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami;

2-o‘rin – 300.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami;

3- o‘rin – 100.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami sovg‘a qilinadi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar va kitobni buyurtma qilish uchun: +998950359511 

@factorbooks_info

Ijtimoiy reklama

Mavzuga oid
Top