18:06 / 12.10.2021
1284
Xalqaro zargarlik festivalining asosiy tashkilotchilari belgilandi
Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Prezidentning “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida” 2021 yil 29 apreldagi PQ-5098-son qaroriga muvofiq, 2022 yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi. Tadbir xalq amaliy san'atining zardo‘zlik va zargarlik an'analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish hamda mintaqaning turizm salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan.

Festival doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy- ma'rifiy, shuningdek, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.

Festivalning asosiy vazifalari:

  • iste'dodli hunarmandlarni aniqlash, ularni ma'naviy hamda moddiy rag‘batlantirish;
  • hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish;
  • zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, sayyohlarni jalb qilish;
  • zardo‘zlik va zargarlik namunalarining keng taqdimoti, har bir hududning tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an'analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish;
  • xalq sayillari, folklor va dorbozlik jamoalari, askiyachi va qiziqchilarning teatrlashgan tomoshalari, san'at vakillarining konsert dasturlarini hamda usta-hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, rassomlar xiyoboni, ekskursiya marshrutlarini tashkil etish.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi: Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom; Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish bo‘yicha yo‘l xaritasi.
 
2022 yilda festival 21-25 may kunlari va uning doirasida “An'anaviy zardo‘zlik va zargarlik san'atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi festivalning asosiy tashkilotchilari etib belgilandi.

Top