14:58 / 13.10.2021
3111

O‘zbekiston va Sloveniya aksilkorrupsiya organlari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Sloveniya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Bu kelishuvga O‘zbekiston tomonidan agentlik direktori Akmal Burhonov boshchiligidagi delegatsiyaning Sloveniyadagi tashrifi davomida erishilgan.

Agentlik matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Sloveniya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi rahbariyati bilan uchrashuv doirasida tomonlar kadrlar malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar tashkil etish, tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha axborot almashish, ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish organlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Sloveniyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tajribasi haqida ma'lumotlar almashindi.

Tashrif doirasida Sloveniya parlamenti, Davlat boshqaruv vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, sud organlari, Axborot komissarligi va Transparency International xalqaro tashkilotida ham uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Top