14:19 / 13.10.2021
1258
Samarqandda harakatlanib ketayotgan MAN yuk mashinasi yonib ketdi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida harakatlanib ketayotgan MAN rusumli yuk mashinasi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 12 oktyabr kuni soat 23:38da Bulung‘ur tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumani «Olmazor» MFYdan o‘tgan 1048-kilometrida harakatlanib ketayotgan MAN rusumli tirkamali yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Xabarga asoslanib yong‘in sodir bo‘layotgan joyga 2ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan. Ular voqea joyiga soat 00:01da yetib borib, soat 00:05da yong‘in qurshab olingan va soat 01:12da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida mashina tirkamasiga yuklangan taxminan 25 tonna polietilen rulonlar yonib zararlangan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisada hech kim halok bo‘lmagan va jabrlanmagan. Hozirda yong‘in sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Top