19:37 / 15.10.2021
3035

Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili samarqandlik shifokorlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidentligiga O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqanddagi ishonchli vakili, SamDU rektori Rustam Xolmurodov samarqandlik shifokorlar bilan uchrashdi.

Samarqanddagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand viloyatining barcha hududlaridan tashrif buyurgan shifokorlar, O‘zLiDeP a'zolari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Rustam Xolmurodov oxirgi 5 yillikda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ko‘plab sohalarda, xususan, tibbiyot sohasida yaxshi ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Ishonchli vakil so‘zi avvalida Shavkat Mirziyoyev juda murakkab vaziyatda O‘zbekiston prezidentligiga kelgani va 5 yil davomida juda ko‘p muammolarni hal qilgani, yana ko‘plab muammolarni hal qilish uchun asos yaratganini aytdi.

«Bunday insonga qanday ovoz bermaslik mumkin? U kishi boshlagan xayrli ishlarini yakuniga yetkazib qo‘yishi kerak», — dedi Xolmurodov yig‘ilganlarni saylovda qatnashishga da'vat qilar ekan.

Rustam Xolmurodov mamlakat o‘tgan 25 yil davomida tibbiy soha yaxshigina oqsagani, bu borada ilmga e'tibor berilmagani sabab yaxshi kadrlar kamayib ketganini ta'kidladi. Ishonchli vakil tibbiy ilmiga e'tibor berish orqali dunyo tibbiyotida yetakchilardan biriga aylangan Isroilni bu borada o‘rnak qilib ko‘rsatdi.

«Aholisi 9 milliondan ko‘proq bo‘lgan Isroil ilmga e'tibor berish orqali bugun tibbiyot turizmida yetakchilardan biriga aylandi. Ularning yeri ham qumlik, ammo hosildorligi yuqori, chunki qishloq xo‘jaligi ham ilmga aylantirilgan», — dedi Xolmurodov.

Rustam Xolmurodov qishloq xo‘jaligi sohasida ham Shavkat Mirziyoyev davrida ko‘plab yaxshi ishlar amalga oshirilganini aytdi.

«Ziyolilarimiz 25 yil paxtaga chiqdi. Shifokorga borsangiz, paxtada, maktabga borsangiz, o‘qituvchi ham paxtada. Mana, paxtani ham erkin terish mumkin ekan-ku? 2–3 yil shunday davom etsa, O‘zbekiston paxta sotib olishni boshlaydi, chunki paxtani chuqur qayta ishlash rivojlanmoqda.

Kecha Past Darg‘om tumaniga bordik. Mahalliy hokim Shunqor Xudoyberdiyev odamlar 2–3 yildan so‘ng o‘z tomorqasida paxta ekib, klasterlarga sotishini aytdi. Bunga ishonish qiyin, lekin islohotlar natijasida mana shunday sharoit yetilmoqda», — dedi ishonchli vakil.

Rustam Xolmurodov O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qisqa muddatda qo‘shnilar bilan munosabatlarni ham yaxshilaganini aytib o‘tdi.

«Uzoq yillar qo‘shnilar bilan sovuq munosabatda bo‘ldik. Shavkat Mirziyoyev esa qandaydir 2–3 oy ichida barcha qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshiladi. U nafaqat O‘zbekistonning xalqaro aloqalarini yaxshiladi, balki dunyo yetakchilari taniydigan katta siyosatchiga aylandi.

Men Bog‘izog‘onda ishlaganman. Esimda, bir kechada Tojikiston bilan chegaradagi yo‘l yopilib, daraxt ekib yuborishgan. Ikki mamlakat bir-biriga qiz olib, qiz bergan; to‘y bor, janoza bor. Chegaraning narigi tomoniga o‘tish uchun Toshkent orqali borib kelishardi. Hozir hamma qo‘shnilar bilan inoqmiz.

Yoki bo‘lmasam, Tolibon bilan munosabatlarni olaylik. Ular O‘zbekistonga kelib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan vaqtda hech kim ularning hokimiyat tepasiga kelishini kutmagan edi. Mana, shu sabab bugun chegara xavfsiz, munosabatlar yaxshi, vagonlar qatnab turibdi», — dedi vakil.

Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili uning davrida O‘zbekistonning obro‘sini ko‘tarishga e'tibor berilayotganini ham ta'kidladi.

«90-yillarda samolyotga chiqsangiz, odamlar dam olishga yoki ilm qilishga ketardi. Keyingi yillarda samolyotlar xorijga ishlash uchun borayotganlar bilan to‘lmoqda edi. Shavkat Mirziyoyev mana shu holatni bartaraf qilishni, o‘zbekning obro‘sini ko‘tarishni istamoqda», — dedi Rustam Xolmurodov.

Yig‘ilish so‘ngida samarqandlik shifokorlar saylovda faol qatnashish, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berish chorlandi.

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri.
Fotolar muallifi: Jahongir Aliboyev.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top