17:48 / 22.10.2021
6626
Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari Senat tomonidan qaytarilgan qonun bo‘yicha ommaviy murojaat bilan chiqdi

Erkin raqobatlashish imkoni bo‘lgan yoshlarga, ayollarga turli imtiyozlar berilayotgan bir davrda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyoz berilishi raqobat muhitini buzmaydi, deb hisoblamoqda imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyatlari.

Foto: Getty Images

«Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan rad etilganidan so‘ng, Kun.uz tahririyatiga Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati va Ko‘zi ojizlar jamiyatining birgalikdagi murojaati kelib tushdi.

«Bu nafaqat bizning jamiyat, balki biz kabi boshqalar bilan erkin raqobatlasha olmaydigan, imkoniyati tabiatan cheklangan shaxslar uchun juda kutilmagan holat bo‘ldi.

Qonun ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilganligi uchun biz qonun kabul qilinishini bir necha yildan beri kutayotgandik. Chunki, mazkur qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga katta maydonda o‘zimizni ko‘rsatishga, o‘zimizning imkoniyatimizni to‘la namoyon etishga, munosib ish haqi olishga, shu jumladan, ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan korxonalarning iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilashga, ishini faollashtirishga, ishlab chikarish hajmlarini va ishchilarimiz sonini oshirishga yordam beradi deb o‘ylagandik», deyiladi murojaatda.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi yillarda Karlar jamiyati korxonalarining daromadlari keskin kamayib bormoqda. 2018 yilda 277 mln so‘m foyda olingan bo‘lsa, 2020 yilda 62 mln so‘m foyda olingan (deyarli 5 baravarga kam).

Daromad kamayganligi va oylik ish haqlari tushib ketishi ortidan ko‘plab nogiron xodimlar ishdan ketgan. 2000 yilda korxonalarda 2000 nafarga yaqin kar-soqov xodimlar ishlagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 176 nafar xodim qolgan.

Ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi korxonalar xodimlari soni 2000 yilda 4 ming 900ga yaqin bo‘lgan, 2010 yilda 3 mingga tushgan, 2020 yilda esa 1 ming 479 nafar xodim qolgan.

Murojaatda qonunning qabul qilinishi nogironlar tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilishi ta'kidlanadi.

«Bir narsaga alohida e'tibor qaratish lozim, deb o‘ylaymiz. Biz umumiy ishlab chiqarishdagi texnologiyalarga moslasha olmaymiz, aksincha, biz o‘zimizga moslashtirilgan texnologiyalar asosida ishlay olamiz. Shuning uchun bizning xodimlar korxonalardan ketganidan keyin boshqa joylarda ishlashga qodir emas.

Aynan shu qonun bizga ishlab chiqarishimizni kengaytirishga, biz kabi imkoniyati cheklanganlar uchun moslashtirilgan texnologiyalarni olib kelishga, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirishga, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va munosib maosh to‘lash uchun imkon beradi, deb umid qilgandik.

Agar senatorlar tomonidan bildirilgan fikrlar yetarlicha asoslangan va haqiqatdagi holatga yakin bo‘lganida edi, bizning korxonalarimiz gullab ketgan bo‘lishi kerak edi», deyiladi murojaatda.

Jamiyat vakillari senatorlar tomonidan «raqobat muhitini buzadi» deya ta'kidlangan imtiyozlar masalasiga quyidagicha to‘xtalib o‘tgan:

«Davlat tomonidan turli imtiyozlar erkin raqobatlashish imkoni bo‘lgan yoshlarga, ayollarga berilayotgan bir davrda ijtimoiy tadbirkorlik instituti orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham imtiyoz berilishi boshqa tadbirkorlarga nisbatan ustunlik emas, balki ular bilan tenglashgan holda bitta maydonda raqobatlashishga imkon beradi».

Murojaat yakunida «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun nogironlar duch kelayotgan muammolarni hal etishda, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirishga yordam berishi qayd etilib, qonunni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda qabul qilish so‘raladi.Avvalroq, Senat yalpi majlisida «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun senatorlar va adliya vaziri o‘rtasidagi munozaraga sabab bo‘lgani va qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarilgani xabar qilingandi.

Top