21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a'zosi, senator Baxtiyor Umarov qonunni ko‘rib chiqish davomida unda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan bir qator normalar mavjudligi, nazarda tutilayotgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari amaldagi boshqa qonunlarda belgilangan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga nomuvofiqligini qayd etdi. Senator bunga misol sifatida «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi va «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari belgilangani, biroq undagi bir qator toifalar «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatilmaganini keltirdi.
U shuningdek, qonunda ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlarini ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlari reyestridan chiqarish tartibi ko‘rsatilmagani, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda tadbirkorlik faoliyatini cheklash faqat sud qarori asosida amalga oshirilishini qayd etdi.
Senator qonundagi bir qator normalar «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonundagi normalarni takrorlayotganini ham tanqid qildi.
Bundan tashqari, Baxtiyor Umarov qonunda ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlariga bir qator imtiyoz va preferensiyalarni belgilovchi normalar nazarda tutilgani, bu esa tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatishi mumkinligi, mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligini ham ta'kidladi.
Senator o‘z ma'ruzasini prezidentning PF-6155-sonli farmonida Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilanganini hisobga olib, ijtimoiy tadbirkorlik bilan bog‘liq munosabatlarni alohida qonun shaklida emas, balki Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga kiritish haqidagi taklifi bilan yakunladi.
Shundan so‘ng, qonunni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a'zosi, adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘zga chiqib, senatorning fikrlariga munosabat bildirdi.
«Bu qonunni muhokama qilishdan avval «ijtimoiy tadbirkorlik o‘zi nima?» degan savolga javob aytishimiz kerak. Ijtimoiy tadbirkorlik – davlatning qo‘li yetmaydigan holatda, ya'ni e'tibordan chetda qoladigan holatlarda asosiy maqsadi foyda topish emas, ehtiyojmand aholiga yordam berishni maqsad qilgan yuragida o‘ti bor tadbirkorlarning yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishi.

















