17:09 / 04.11.2021
62289

Telegram mojarosi ortidan AKT vaziri va bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi

Prezident Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan yana ikki amaldorni ishdan oldi.

Internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq voqea ortidan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Bu haqda prezident administratsiyasiga aloqador «Nigoh» kanali xabar qilmoqda.

«Ko‘rilayotgan choralarning keskinligi shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezident tartib va intizomni buzgan, mas'uliyatsizlik qilgan va o‘zboshimchalik bilan harakat qilgan har qanday amaldorni lavozimida ortiqcha ushlab o‘tirmaydi», deyiladi xabarda.

Shuhrat Sodiqov / Kun.uz

Shuhrat Sodiqov 2008−2010 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasi direktori bo‘lgan, 2010 yildan 2017 yilgacha Vazirlar Mahkamasining axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan, 2017−2018 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori bo‘lgan. U 2018 yil avgustidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Olimjon Umarov / Xalqaro press klub

Olimjon Umarov 2017-2020 yillarda AKT vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil mayida O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

  • 3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga qo‘shilgan ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va «Odnoklassniki») faoliyati cheklab qo‘yilishi katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.
  • O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qaror xato deb topildi, prezident bu masaladan xabardor etilgach, holat yuzasidan tezkor choralar ko‘rilib, «O‘zkomnazorat» boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev ishdan olindi va holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari boshlandi.
Mavzuga oid
Top