14:34 / 06.11.2021
2241
Joriy yilda ta'lim tizimining 50 mingdan ziyod xodimi “Uzluksiz kasbiy ta'lim” platformasida malaka oshirdi
Foto: Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti

2021 yilning mart oyida Xalq ta'limi sohasi xodimlari malakasini oshirish yangi tizimda amalga oshirilishi belgilangan edi. Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan “Xalq ta'limi xodimlarini kasbiy rivojlantirish: erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi seminarda ma'lum qilinishicha, yangi platformada mart oyidan buyon platformada 50 mingdan ziyod pedagog-o‘qituvchilar malaka oshirgan.

Foto: Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti

Yig‘ilishda UNICEF bilan hamkorlikda olib borilgan loyihalar natijalari tahlil qilindi. Unda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Jahon Banki, UNESCO, AQShning RTI xalqaro tadqiqot tashkiloti, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti, Britaniya kengashi, Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.

Foto: Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti

“Xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda yaratilgan loyihalarimizdan biri sifatida “Uzluksiz kasbiy ta'lim” platformasi va Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlikni aytish mumkin. Xalq ta'limi tizimi xodimlarining har yili o‘zlari istagan paytda, onlayn tarzda malaka oshirishlari katta yangilik hisoblanadi. Olib borilgan ishlar, sa'y-harakatlar natijasida bugungi kunda platformada 50 mingdan ziyod pedagog-o‘qituvchi malaka oshirdi.

Platformadagi kontent har yili yangilanadi. Bu degani har yili o‘qituvchi yangi bilim va ma'lumotlarga ega bo‘ladi. Avvalgidek, besh yillik malaka ma'lumoti bilan dars berish hozirgi davr talabiga javob bermaydi”, deydi Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev.

Foto: Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti

Tadbirda Osiyo Taraqqiyot banki bilan hamkorlikda STEM ta'limini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish maqsadida maktab rahbarlarining salohiyatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Ta'kidlanishicha, STEM ta'limini joriy etish va qishloq joylarda o‘qituvchilar yetishmasligi yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Top