07:59 / 10.11.2021
5173

Harbiylarning moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: Kun.uz

“Harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qonunning maqsadi - harbiy xizmat majburiyatlarini (xizmat majburiyatlarini bajarish paytida davlatga yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilarni, oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlarini (tinglovchilarini), harbiy yig‘inlarni o‘tayotgan harbiy xizmatga majburlarni, safarbarlik chaqiruvi rezervida bir oylik yig‘inlarni o‘tayotgan shaxslarni (bundan buyon matnda harbiy xizmatchilar deb yuritiladi) moddiy javobgarlikka tortish tartibini belgilashdan iborat.

Harbiy xizmatchilar agar zarar faqat o‘zlarining aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa moddiy javobgarlikka tortiladi.

Harbiy xizmatchilar agar zarar komandirning (boshliqning) buyrug‘ini bajarish, asosli xizmat yoki xo‘jalik tavakkalchiligi, oxirgi zarurat yoxud zaruriy mudofaa holatida yetkazilganda moddiy javobgar bo‘lmaydi.

Harbiy xizmat majburiyatlarini (xizmat majburiyatlarini) bajarmayotgan paytda moddiy zarar yetkazgan harbiy xizmatchilar fuqarolik qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Agar qonun bilan boshqacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish paytida ehtiyotsizlik oqibatida moddiy zarar yetkazgan harbiy xizmatchilar quyidagi miqdorlarda moddiy javobgar bo‘ladi:

  • muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar – yetkazilgan zarar miqdorida, biroq to‘rtta harbiy lavozim okladidan (maoshidan) ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar – yetkazilgan zarar miqdorida, biroq o‘nta harbiy lavozim okladidan (maoshidan) ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • harbiy yig‘inlarni o‘tayotgan harbiy xizmatga majburlar – yetkazilgan zarar miqdorida, biroq zarar aniqlangan vaqtdagi o‘n bazaviy hisoblash miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • safarbarlik chaqiruvi rezervida bir oylik yig‘inlardan o‘tayotgan fuqarolar – yetkazilgan zarar miqdorida, biroq zarar aniqlangan vaqtdagi ikki bazaviy hisoblash miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda.

Quyidagi hollarda komandirlar (boshliqlar) yetkazilgan zarar miqdorida, biroq bir oylik pul ta'minoti maoshidan ortiq bo‘lmagan miqdorda moddiy javobgarlikka tortiladi:

  • harbiy mol-mulkni hisobga olishning, saqlashning, undan foydalanishning, uni sarflash va tashishning belgilangan tartibini buzishga olib kelgan buyruq, farmoyish berganda;
  • harbiy mol-mulkning talon-toroj qilinishi, kamomadi, yo‘q qilinishi, shikastlanishining va buzilishining oldini olish choralarini ko‘rmaganlik zarar yetkazilishiga sabab bo‘lganda;
  • aybdor shaxslar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash choralarini ko‘rmaganda.

Harbiy xizmatchilar zararning to‘liq miqdorida moddiy javobgar bo‘ladilar, agar zarar quyidagicha yetkazilgan bo‘lsa:

  • mol-mulkni saqlash, tashish va (yoki) berishni ta'minlash yoxud moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mol-mulk olganligini tasdiqlovchi hujjat (hujjatlar) asosida moddiy vositalar ishonib topshirilgan harbiy xizmatchi tomonidan ehtiyotsizlik oqibatida;
  • sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilangan harbiy xizmatchining jinoiy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida;
  • jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi alomatlari borligidan qat'i nazar harbiy mol-mulkni talon-toroj qilish, kamomadga yo‘l qo‘yish, behuda sarflash, yo‘qotish, qasddan yo‘q qilish, shikastlash, ishdan chiqarish, qonunga xilof ravishda sarflash yoki boshqa qasddan qilingan xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli;
  • harbiy xizmatchilarning qasddan qilgan xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan harbiy xizmatchilarni davolash-profilaktika muassasalarida davolanishi uchun qilingan xarajatlar natijasida;
  • qonunchilik hujjatlariga muvofiq harbiy xizmatchilar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zarar Qurolli Kuchlar tomonidan qoplangan bo‘lsa.
Top