Ushbu qonun loyihasi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.
Deputat Kozim Tojiyev qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirar ekan, so‘nggi yillarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi ko‘paygani achinarli holat ekanini, lekin javobgarlikni kuchaytirish orqali bu masalani yechib bo‘lmasligini qayd etdi.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov ham qonun loyihasiga munosabat bildirib, jarimalarning ikki hissa oshirilishi bilan dorixonalardagi noqonuniy savdo to‘xtab qolmasligini ta’kidladi.
Partiya saylovoldi dasturida sog‘lom va faol hayotni ta’minlash, millat genofondini saqlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangani, shu ma’noda, “Milliy tiklanish” uchun ta’lim-tarbiya ishlari qanchalik muhim bo‘lsa, sog‘liqni saqlash masalasi ham shunchalik muhim ekanligi qayd etildi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.















