19:16 / 10.11.2021
2045
Joriy yilda soliq tushumlari qariyb 27 foizga oshdi

2021 yilning 10 oyi davomida bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 42,6 foiz, soliq tushumlari 26,9 foiz, tovarlar eksporti hajmi esa 37,2 foizga oshgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari joriy yilning 1 yanvaridan 31 oktyabrgacha bo‘lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,9 foizga oshganini ko‘rsatdi.

Quyidagi hududlarda soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi:

  • Navoiy (39,3 foiz);
  • Xorazm (38,6 foiz);
  • Qashqadaryo (37,1 foiz);
  • Samarqand (34,1 foiz);
  • Toshkent (34 foiz) viloyatlari;
  • Toshkent shahri (32,9 foiz).

Soliq tushumlari o‘sishining asosiy omillari sifatida o‘tgan besh yil mobaynida 114ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani, 33ta faoliyat turi bo‘yicha xabarnoma tartibi joriy etilgani, ruxsatnomalar olish tartib-taomillari soddalashtirilib, ularni berish muddatlari o‘rtacha 2 barobar qisqartirilgani kabilar ko‘rsatib o‘tilgan.

Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 42,6 foizga oshgan. Daromadning eng yuqori o‘sishi Jizzax (4,2 barobar), Sirdaryo (2,4 barobar), Xorazm (2 barobar), Farg‘ona (70 foiz), Samarqand (68,8 foiz) viloyatlarida, Toshkent shahri (37,6 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (34,3 foiz) kuzatilgan.

Shuningdek, tovarlar eksporti hajmi yil boshidan buyon 37,2 foizga, Tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 61,8 foizga oshgan.

Top