17:51 / 13.11.2021
7118

Xususiy bandlik agentliklari bilan kuzatilgan firibgarliklar takrorlanmaydimi? Vazir o‘rinbosari oydinlik kiritdi

Bugungi kunda O‘zbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan taqdim etilgan litsenziya asosida 8ta xususiy bandlik agentligi rasmiy ravishda faoliyat yuritmoqda. 70ta agentlik litsenziyasi esa bekor qilingan. Umuman, 108ta agentlik reyestrdan o‘tgan bo‘lib, 4ta agentlik arizasi rad etilgan.

Ayrim xususiy bandlik agentliklari litsenziyasi yo‘qligiga qaramasdan, noqonuniy ravishda, yashirin faoliyat yuritmoqda. Bu jamoatchilikni tashvishga soladigan masalalardan biridir. Chunki litsenziyasiz XBA tomonidan yuborilgan mehnat muhojirining huquqlari poymol bo‘lsa, uni himoya qilish imkoniyati past bo‘ladi.

Kun.uz  muxbiri Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu xususda savol berdi.

Xususiy bandlik agentliklarining Jamg‘armaga qo‘yiladigan garov puli miqdori 50 ming dollardan 200 ming dollargacha oshirilgach, ko‘plab agentliklar faoliyati yashirin tus oldi. Bir-ikki yil avval xususiy bandlik agentliklari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ro‘y berdi. Shunday holatlar takrorlanmasligi uchun vazirlik nimalar qilmoqda?

“Xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga ruxsat berilgach, ko‘plab fuqarolar ayrim agentliklar tomonidan aldandi. Shundan so‘ng qonunchilik talabi o‘zgartirilib, Xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga xususiy bandlik agentliklari tomonidan 50 ming dollar emas, 180 ming dollar ekvivalentida zaxira mablag‘i qo‘yish belgilandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov

Bu nima uchun qilindi?

Albatta, bu mablag‘ xususiy bandlik agentliginiki. Faoliyatini to‘xtatganda bu mablag‘ni qaytarib oladi. Mabodo agentlik tomonidan yuborilgan fuqarolar aldanib qolsa yoxud biror qiyinchilikka duch kelsa, zarar ularning shu mablag‘idan qoplanadi.

Ikkinchidan, xorijga ketgan har bir mehnat migranti bilan tuzilgan shartnoma labormigration.uz portalida nazoratga olinmoqda. Agentliklar faoliyati ham monitoring qilinmoqda.

Bugungi kunda 8ta xususiy bandlik agentligi rasman faoliyat yuritmoqda. Yana 4tasi zaxira pulini to‘lab, litsenziyasini kutmoqda. Balki O‘zbekistonda 70-80ta emas, 10tagacha xususiy bandlik agentliklari yetarlidir.

Shunday holatlar ham bo‘ldiki, ayrim XBAlar litsenziyasi vaqtincha olib qo‘yilgach, faoliyatini norasmiy tarzda davom ettirishga harakat qilib ko‘rishdi. Ayrimlari bilan o‘zimiz gaplashdik, boshqa birlarini huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga berishga to‘g‘ri keldi. Ayrimlari pul to‘lab, litsenziya olmoqchi.

Yaponiyaga yuborayotganlar masalasida Yaponiya tomoni bilan aloqaga chiqdik. Endilikda ular ham Yaponiyaga stajyor vizasi bilan ishchi yuborish taklifi borasida saytdagi reyestrga qarab aniqlik kiritmoqda. Reyestrda mavjud bo‘lgan xususiy bandlik agentligi bo‘lsa, hamkorlikni davom ettirmoqda”, - dedi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov.

Top