08:55 / 16.11.2021
6728
Rossiya fazoda sun'iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolni sinovdan o‘tkazdi – Davlat departamenti

Rossiya 15 noyabrda sun'iy yo‘ldoshlarga qarshi yangi qurolni sinovdan o‘tkazdi. Shundan keyin orbitada Xalqaro koinot stansiyasiga xavf solishi mumkin bo‘lgan minglab chiqindi paydo bo‘lgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays ma'lum qildi.     

Foto: Reuters

AQSh davlat departamenti rahbari Entoni Blinkenning ta'kidlashicha, “Rossiya fazoda qurol joylashtirishga qarshi ekanini ta'kidlashiga qaramay, ushbu ongsiz harakatlari bilan fazodagi uzoq yillik barqarorlikni xavf ostiga qo‘yishga tayyorligini ko‘rsatgan”. Blinken barcha kosmik davlatlarni birlashib, Rossiyaning bu harakatlariga javob berishga chaqirgan.  

“Rossiya aqlsizlarcha o‘z yo‘ldoshlaridan biriga nisbatan sun'iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolni sinovdan o‘tkazdi. Buning oqibatida 1500 dan ko‘proq yirik va 100 minglab maydaroq fazoviy chiqindi paydo bo‘ldi. Bu esa fazoni o‘zlashtirishda barcha davlatlar manfaatlariga xavf soladi”, deb aytilgan davlat departamentida.

Praysning ta'kidlashicha, Moskva ushbu sinov haqida Vashingtonni ogohlantirmagan.

Hozircha Rossiya ushbu axborotga rasman izoh bermagan.

Washington Times nashrining yozishicha, Pentagonda Rossiyaning ushbu xatti-harakatlaridan xavotir bildirilgan. AQSh koinot qo‘mondonligida Rossiya sinovlar vaqtida sobiq ittifoq davrida uchirilgan “Kosmos-1408” sun'iy yo‘ldoshini nishonga olgani ma'lum qilindi. Buning oqibatida Yerga yaqin orbitada chiqindilar maydoni hosil bo‘lgan. Qo‘mondonlik boshlig‘i general Jyeyms Dikinsonning ta'kidlashicha, Rossiya tomonidan ishlab chiqilayotgan qurol AQShga xavf soladi.

“Bi-bi-si” telekanalining xabar berishicha, “Kosmos-1408” fazoga 1982 yilda uchirilgan. U radiotexnik razvedka uchun qo‘llangan va ancha yildan beri ishlamagan.

“Roskosmos” agentligi bosh direktori Dmitriy Rogozin 16 noyabrda Moskvada NASA vakillari bilan uchrashadi. Ushbu sinovdan keyin endilikda uchrashuv kun tartibiga fazoviy chiqindining XKSga yaqinlashishi masalasi ham kiritildi.

15 noyabrda XKSdagi rossiyalik, amerikalik va nemis fazogirlari stansiya yaqinida fazoviy chiqindi paydo bo‘lgani sababli ehtiyot chorasi sifatida stansiyadan unga birikib turgan fazoviy kemalarga o‘tgani ma'lum qilingandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Yer yaqinidagi orbitada 2021 yil yozida 2 mingdan ko‘proq sun'iy yo‘ldosh bo‘lgan. Ulardan 100 dan ko‘prog‘i AQSh, 100 ga yaqini Rossiya, 60 ga yaqini Xitoy qurolli kuchlariga tegishli. Fransiya, Germaniya, Britaniya va Hindistonning harbiy maqsaddagi sun'iy yo‘ldoshlari soni 10 tadan kamroqni tashkil qiladi. Bu sun'iy yo‘ldoshlarning vazifasi kuzatuv olib borish, navigatsiya, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan iborat. Ayni vaqtda fazoda jangovar fazoviy qurilmalar va qurol rasman yo‘q.        

Top