08:06 / 04.12.2021
22621
O‘zbekistonlik tennischi qiz umrbod tennisdan chetlatildi

Albina Xabibulinaga tennis bo‘yicha har qanday turnirda qatnashish va tashrif buyurish taqiqlandi.

Foto: IJIRST

O‘zbekistonlik tennischi kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilgani uchun bir umrga diskvalifikatsiya qilindi.
 
Albina Xabibulina umrbod tennisdan chetlatildi. Bunday qaror Tennisda halollikni ta'minlash xalqaro agentligi tomonidan qabul qilindi. 

Qayd etilishicha, Xabibulina bir necha bor o‘yin qoidalarini buzgan, kelishilgan o‘yinlar tashkil qilgan.

Sportchiga tennis bo‘yicha har qanday turnirda qatnashish va tashrif buyurish taqiqlandi. Bundan tashqari, u 150 ming dollar jarimaga tortildi. 

Faoliyati davomida Xabibulina IFT yakkalik bahslarida 492-o‘rinni egallagan, IFT juftlik bahslarida esa - 208-pog‘ona. 

U 2021 yil 21 noyabrdan boshlab chetlatildi. Sportchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovga e'tiroz bildirmadi. Ma'lum qilinishicha, u 20 ish kuni ichida Sport arbitraj sudiga apellyatsiya berish huquqiga ega. 

2019 yil sentyabr oyida Fransiya politsiyasi ikki nafar tennischi - o‘zbekistonlik Albina Xabibulina va qirg‘izistonlik Kseniya Palkinani qo‘lga olgandi. O‘shanda ular kelishilgan o‘yinlarda gumonlangani aytilgandi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Fransiyada tennischi Albina Xabibulinaning qo‘lga olinishi bo‘yicha izoh berdi. Vazirlikda ta'kidlanishicha, Xabibulina 2017 yil avgustdan beri O‘zbekiston fuqarosi hisoblanmaydi.

Top