21:46 / 06.12.2021
18796

Putin va Bayden muloqoti arafasida. Amerika Rossiyani ko‘ndiradimi?

AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Ukraina atrofidagi keskinlik fonida seshanba kuni videoaloqa orqali muloqot o‘tkazadi. Ikki siyosatchining so‘nggi rasmiy muloqoti 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgandi.

Foto: EPA

O‘tgan haftada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani bo‘yicha dalillar borligi haqida ma’lum qilgandi.

«Biz bilmaymiz - prezident Putin bostirib kirishga qaror qiladimi, yo‘qmi. Lekin bilamizki, agar shunday qaror qabul qilinsa, u buni qisqa muddatda amalga oshirishni ta’minlaydi. Shuning uchun, niyatlar va muddatlar noaniqligiga qaramay, biz barcha kutilmagan holatlarga tayyor bo‘lishimiz, shu bilan birga, Rossiyani kursni o‘zgartirishga ko‘ndirish ustida ish olib borishimiz kerak», degan Blinken NATO davlatlari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida.

Rossiya esa doimiy ravishda shunday rejalari borligi haqidagi xabarlarni rad etib kelmoqda va Ukrainaning o‘zini chegaradagi harbiylari sonini oshirishda ayblamoqda.

Shanba kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki Bayden bo‘lajak muloqot davomida «AQSh Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi faollashuvidan tashvishdaligi va AQSh Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlashi» haqida aytgan.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, ikki yetakchining muloqotida strategik barqarorlik, kiberxavfsizlik va mintaqaviy masalalar ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Ukraina hukumati Rossiya g‘arbiy chegaralariga 94 mingdan ortiq harbiy xizmatchi joylashtirgani, shuningdek, zirhli texnikalari va radioelektron qurilmalarini chegara tomonga yo‘naltirganini tasdiqlamoqda.

Bu rossiyalik harbiylar chegarada 2014 yilda Qrim bosib olingan davrdan keyingi eng yirik to‘planishidir.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasida to‘planishi bilan bog‘liq holat shu yil bahorida ham kuzatilgandi. Putin va Baydenning iyun oyida Jyenevada uchrashishi bo‘yicha kelishuvga erishilgach, rossiyalik harbiylarning katta qismi chegara hududlaridan olib ketilgandi.

Qator ekspertlar fikricha, Ukraina chegaralari yaqinida harbiy keskinlik yuzaga keltirish orqali Kreml ikki yetakchining muloqoti arafasida Amerika administratsiyasini Minsk kelishuvlari bajarilishi bo‘yicha Ukrainaga bosim o‘tkazishga ko‘ndirishni maqsad qilgan.

Hujum yanvar oyi oxirigami?
Shu kunlarda Associated Press agentligi Amerika razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor bo‘lgan Bayden administratsiyasidagi manbasiga tayangan holda, rossiyaliklarning Ukrainaga bostirib kirishi 2022 yil boshida ro‘y berishi kutilayotgani haqida xabar qildi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bu amaliyot uchun 175 ming harbiy xizmatchi jalb etilishi rejalashtirilgan va ularning qariyb yarmi chegara bo‘ylab joylashtirib chiqilgan.

Bu kuzda Rossiya bosib olingan Qrimda keng ko‘lamli harbiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi, unda sohilga dengizdan desant tushirish amaliyoti ham mashq qilindi. Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

Agentlik manbasi ma’lumotiga ko‘ra, rejalar zirhli texnika, artilleriya va boshqa qurilmalarni o‘z ichiga olgan 100ta batalonni ko‘chirishni ko‘zda tutadi.

O‘z navbatida, Washington Post gazetasi go‘yoki Amerika administratsiyasidagi manba tomonidan taqdim etilgan razvedka xaritasini e’lon qildi, unda Ukraina bilan chegara yaqiniga yangi olib kelingan tank bo‘linmalari va artilleriya qismlari joylashuvi aks etadi.

Bu xaritaga ko‘ra Ukraina chegaralari yaqinida 70 ming atrofida harbiy joylashgan, ya’ni shu vaqtgacha Ukraina mudofaa vazirligi aytib kelayotgan raqamlardagidan kamroq.

Washington Post qo‘lga kiritgan xaritada Ukraina chegaralari yaqinida taxminan 70 ming rossiyalik harbiy joylashgani ko‘rsatilgan.
Foto: WASHINGTON POST

Avvalroq Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov razvedka ma’lumotlariga tayangan holda Rossiya yanvar oyi oxirida hujum boshlashni rejalashtirayotgani haqida aytgandi.

«Rossiya yil mobaynida o‘ziga xos «to‘lqin» taktikasini qo‘llab keldi. Ukraina chegaralaridan uzoq bo‘lmagan hududlarda qo‘shinlarini to‘pladi. Keyin shaxsiy tarkib doimiy dislokatsiya joyiga qaytdi, texnika esa olib ketilmadi. Bu dushmanga ko‘chish uchun ketadigan vaqtni qisqartirishga yordam beradi», degan Reznikov.

Rossiya harbiylarining chegara tomon surilishi AQSh va Rossiyaning shusiz ham iliq bo‘lmagan munosabatlarini yanada keskinlashtirdi.

Juma kuni Bayden Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qiyinlashtirishga qaratilgan keng qamrovli tashabbuslarni tayyorlashga va’da qildi.

«Men odamlar Putin qilishi mumkinligidan xavfsirayotgan ishni amalga oshirishni juda qiyinlashtiradigan tashabbuslar to‘plamini jamlayapman. Hozirda bu ishlab chiqish jarayonida», - degan Bayden aynan nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmasdan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning amerikalik hamkasbi shu vaqtgacha faqat bir marta, shu yil iyunida Jyeneva shahrida yuzma-yuz muloqot o‘tkazgandi.

AQSh va yevropalik ittifoqchilar agar tajovuzkor harakatlar sodir etsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgan.

Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasa-da, bu davlat blok bilan yaqin aloqalarga ega va G‘arbdan qurollar, shu jumladan amerikaliklarning tankka qarshi qo‘llanadigan Javelin rusumli raketalarini oladi.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani o‘z hududi himoyasi uchun zarur bo‘ladigan barcha vositalar bilan ta’minlashga tayyor.

Shanba kuni kechqurun Ronald Reygan fondida o‘tkazilgan konferensiyada chiqish qilgan Pentagon rahbari Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasida to‘planayotgani haqidagi ma’lumotlardan yana bir bor xavotir bildirdi.

Rossiya rasmiylari nima demoqda?

Pravoslav pop Sevastopolga harbiy xizmat uchun chaqirilganlarga oq yo‘l tilamoqda. Rossiyada 31 dekabrga qadar davom etadigan kuzgi chaqiriqda armiyaga 125 ming yangi askarni yollash rejalashtirilgan. Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

Rossiya hukumati bostirib kirish rejasi haqidagi xabarlarni rad etadi va harbiylar chegara atrofiga o‘quv mashg‘ulotlari uchun olib kelinganini aytadi.

«Biz o‘z hududimizda harbiylarni harakatlantirish huquqiga egamiz, ammo qandaydir keskinlashuv haqida gap yo‘q», degan juma kuni Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

Bundan tashqari, Rossiya Ukraina hukumatini eskalatsiya yuzaga keltirishda urinishda, NATOni esa - Qrim yaqinida, Qora dengiz hududida rejadan tashqari o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish orqali  provokatsiya qilishda ayblaydi.

«Ukraina qutqulanmoqda, bu esa Kiyevda Minsk kelishuvlarini sabotaj qilish kayfiyatini uyg‘otib, mojaroni harbiy yo‘l bilan hal etish illyuziyasini oziqlantiradi», degan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov payshanba kuni Blinken bilan uchrashuvda.

Rossiya TIV Ukraina umumiy chegara tomonga 125 ming harbiy xizmatchi yuborganini iddao qilgan.

Ukraina mudofaa vaziri Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari vaziyatni chigallashtirishga qaratilgan hech qanday harakat qilmaydi, ammo ehtimoliy hujumni qaytarish uchun doim shay turadi.

«Eskalatsiya - bu ehtimoliy ssenariy, ammo muqarrar emas va bizning vazifamiz uning oldini olish. Biz shunday yo‘l tutishimiz kerakki, eskalatsiya bahosi tajovuzkor tomon uchun qimmatga tushsin», deya Reznikovning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top