AQSh Davlat departamenti Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirish xavfi haqida xabar bergach, amerikalik va yevropalik ekspertlar o‘rtasida tortishuv boshlandi: bu ogohlantirish asosga egami? Bosqinni qachon kutish kerak, yaqin kunlardami yoki bahorda? Shu kabi savollar keng muhokama qilinmoqda.

Rossiyalik harbiylar Ukraina bilan chegarada joylashtirilishi G‘arbda jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda. Foto: Getty Images

Shuningdek, Jo Bayden administratsiyasi nima qilishi bo‘yicha munozaralar boshlandi. Bayden va jamoasi Kiyevni chekinishga undaydimi? Moskvaga provokatsiya uchun jiddiy javob beriladimi? Yoki Vashington hech narsa bo‘lmagandek Moskva bilan muloqotni davom ettiradimi?

Davlat departamenti, MRB va Ukraina razvedkasi ogohlantirilishi

Noyabr oyida AQShning Politico va Bloomberg nashrlari Ukraina bilan chegarada Rossiya askarlari to‘plana boshlagani haqida yozdi. Bu xabarlardan keyin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rus bosqini xavfi borligi haqida ma’lum qildi. MRB direktori Uilyam Byorns esa «Kremlni ogohlantirish uchun» Moskvaga bordi. U Rossiya poytaxtida Vladimir Putin bilan ham Ukraina masalasini muhokama qilgan.

Vashington Rossiya agressiyasi haqida NATOdagi ittifoqchilari va Kiyevni ogohlantirgan. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov bosqinning taxminiy vaqtini aytdi: 2022 yil fevral. Budanov Rossiya Ukraina bilan chegarada 92 ming askar to‘plaganini ham ma’lum qildi. Biroq Ukraina bosh razvedkachisi bu ma’lumotni aytgan intervyuda ko‘rsatilgan xaritada  Rossiyaning 40ta bataloni belgilab ko‘rsatiladi. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra esa, ularga 36 mingdan ortiq harbiy sig‘dirib bo‘lmaydi.

Foto: Getty Images