23:28 / 16.12.2021
2218

Denovda 10-sinf o‘quvchisi otasining mashinasi bilan 1-guruh nogironini urib yubordi. Fuqaro vafot etdi

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Denov tumanida 10-sinf o‘quvchisi otasining mashinasi bilan 1-guruh nogironi bo‘lgan shaxsni urib yuborgan. Oqibatda u vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 13 dekabr kuni 4K-588 Denov-Vaxshivor avtomobil yo‘lining Denov tumani Totuvlik mahallasidan o‘tgan 1-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Denov tumani Obodon mahallasida yashovchi, tuman XTB tasarrufidagi 35-maktabning 10-sinfi o‘quvchisi tunda otasiga tegishli bo‘lgan mashinani boshqarib ko‘chaga chiqqan.

So‘ng qo‘llari yordamida harakatlanib yo‘lni kesib o‘tayotgan 1-guruh nogironi bo‘lgan fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan fuqaro vafot etgan.

Top