07:33 / 22.12.2021
5846
«Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi sotuvga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi oshkora raqobat tamoyillariga asoslangan savdo jarayoni orqali sotilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Agentlik xabariga ko‘ra, savdo jarayoniga “KPMG Valuation and Consulting” MChJ aktivni xususiylashtirish bo‘yicha eng yaxshi takliflarni tanlash asosida, eksklyuziv moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016 yilda Toshkent markazida barpo etilgan va “Hyatt” xalqaro brendining O‘zbekistondagi birinchi mehmonxonasiga aylangan.

U O‘zbekistonda xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i boshqaruvida bo‘lgan yagona besh yulduzli mehmonxonadir. Mehmonxona shahar markazida, Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylariga qulay va yaqin masofada joylashgan.

Umumiy yer maydoni 3,1 gektar, bino va inshootlar maydoni 60,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Mehmonxona 8 qavatdan iborat bo‘lib, mijozlar uchun 300 ta xona, jumladan, 248 ta standart va 52 ta lyuks/yarim lyuks xonalar mavjud.

Mehmonxona hududida xalqaro sifat standartlari darajasida jihozlangan turli sig‘imdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kvadrat metr maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.

Mavzuga oid
Top