17:39 / 04.01.2022
16194

Toshkentda mast haydovchi sodir etgan YTHda yetti kishi jarohatlandi

Toshkent shahrining Maxtumquli ko‘chasida alkogol ta’siridagi haydovchi boshqa ikki mashina ishtirokida YTH hodisasiga sababchi bo‘ldi. Natijada olti kishi, jumladan uch bola og‘ir tan jarohatlari olgan. Bir yoshga to‘lmagan qizchada travmatik shok holati qayd etilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

1 yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida Maxtumquli ko‘chasida mast holatdagi haydovchi jiddiy yo‘l-transport hodisasi keltirib chiqardi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

«2022 yil 1 yanvar kuni soat 17:15 larda Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasida «Matiz» rusumli avtomashina haydovchisi spirtli ichimlik ta’siri ostida bo‘lgan, 1967 yilda tug‘ilgan Sobirjon N. boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, 1991 yilda tug‘ilgan Elmurod R. boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli hamda 1983 yilda tug‘ilgan Ravshan K. boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli avtomobillar bilan to‘qnashuv sodir etgan», deyiladi xabarda.

YTH natijasida 7 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan:

  1. «Matiz» rusumli avtomashina haydovchisi Sobirjon N. (tashxis: bosh miya yopiq jarohati, BMCh, o‘ng boldir suyagining ochiq sinib siljishi, ko‘plab shilinmalar, mastlik holati).
  2. «Neksiya-2» haydovchisi Ravshan K. (tashxis: bosh miya yopiq jarohati, BMCh, chap boldir suyagining yopiq sinishi, oyoqning to‘piq qismi yopiq sinishi);
  3. 2009 y.t. voyaga yetmagan yo‘lovchi, 7-sinf o‘quvchisi Z.T. (tashxis: bosh miya yopiq jarohati, BMCh);
  4. 2012 y.t. voyaga yetmagan yo‘lovchi, 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz F.K. (tashxis: peshona teri qismi yirtilgan jarohati, bosh miya yopiq jarohati, BMCh);
  5. 2017 y.t. voyaga yetmagan yo‘lovchi, bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan qiz I.K. (tashxis: boshning yuqori qismining yirtilgan jarohati, bosh miya yopiq jarohati, BMCh, chap oyoq boldir suyagi yopiq sinishi);
  6. 1987 y.t. yo‘lovchi ayol F.K. (tashxis: chap oyoq ochiq sinib siljishi);
  7. 2021 y.t. qizcha O.K. (tashxis: travmatik shok).

Barcha jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan, ularga har tomonlama tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan JK 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Top