22:39 / 11.01.2022
6902

BMT Afg‘onistonga yordam berish uchun 4,4 mlrd dollar zarurligini ma’lum qildi

BMTning ogohlantirishicha, yil o‘rtalariga borib Afg‘oniston umumiy qashshoq mamlakatga aylanishi mumkin – aholining 97 foizi qashshoqlik girdobida qoladi.

Foto: Reuters

BMT va uning hamkorlari 28 mln nafar – Afg‘oniston hududidagi 22 mln va besh mamlakatdan panoh topgan yana 5,7 mln nafar afg‘onistonlikka yordam ko‘rsatish rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2022 yilda ushbu maqsad uchun 4,44 mlrd dollar talab qilinadi. 

Qayd etilishicha, Afg‘oniston iqtisodiyoti «erkin qulash holatida». Mamlakatda 23 mln nafar inson ocharchilik yoqasida, shifoxonalar ozib ketgan bolalar bilan to‘lib-toshgan, o‘qituvchilar maosh olmayapti, millionlab bolalar o‘qish imkoniyatidan mahrum.

Bug‘doy va yonilg‘i narxi 40 foizga oshgan. Xalqaro yordam muzlatilgani sababli ijtimoiy xizmatlar tizimi inqirozga uchramoqda.

BMTning ogohlantirishicha, yil o‘rtalariga borib Afg‘oniston umumiy qashshoq mamlakatga aylanishi mumkin – aholining 97 foizi qashshoqlik girdobida qoladi. Afg‘oniston yil davomida YaIMning 30 foizini yo‘qotishi mumkin, erkaklar orasidagi ishsizlik ikki baravarga oshadi va 29 foizga yetadi.

«Men o‘tinib so‘rayman: Afg‘oniston xalqi oldida eshiklarni yopmang. Gumanitar hamkorlar barcha qiyinchiliklarga qaramasdan yordamni yetkazib bermoqda. Bizni qo‘llab-quvvatlang, ko‘mak hajmini ko‘paytirishga va keng miqyosdagi ocharchilik, kasalliklar tarqalishi va o‘limlarning oldini olishga yordam bering», dedi BMTning favqulodda yordam bo‘yicha koordinatori Martin Griffits.  

So‘ralgan mablag‘lar oziq-ovqat va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’limni qo‘llab-quvvatlash, uysiz qolganlar uchun boshpanalar qurish, suv va sanitariya vositalari bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid
Top