10:59 / 11.01.2022
20733
Surxondaryoda nabiralari ko‘z o‘ngida kelinini pichoqlab o‘ldirgan qaynonaga hukm o‘qildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida nabiralari ko‘z o‘ngida kelinini pichoqlab o‘ldirgan qaynonaga hukm o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 16 iyul kuni soat 10:00 atrofida Denov tumani Istiqbol mahallasida yashovchi er-xotin B.H. va Z.S. o‘g‘liga bozordan yozgi oyoq kiyim olib bergan. Ular uyga qaytganda qaynona oyoq kiyimning arzonligidan yozg‘irgan. Kelin unga javob qaytargan va o‘rtada tortishuv yuzaga kelgan.

Shu kuni 15:00 larda qaynona-kelin o‘rtasida yana janjal boshlangan. Kelin o‘z xonasiga kirib ketgan. Shunda qaynona jahl ustida oshxona pichog‘i bilan kelinning xonasiga kirgan va uch nafar nabirasi ko‘z oldida keliniga pichoq sanchgan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sudi J.H.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topgan. Unga 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Top