O‘zbekiston | 09:17 / 13.11.2021
4127
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 17 yoshli yigitning vafotiga sabab bo‘lgan qoidabuzar haydovchiga sud hukmi o‘qildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida 17 yoshli yigitning vafotiga sabab bo‘lgan qoidabuzar haydovchiga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 10 iyun kuni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-107 avtomobil yo‘lining Denov tumani Sebzor mahallasidan o‘tgan 2-kilometrida inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. «Damas» mashinasi haydovchisi quvib o‘tish va tezlik qoidalarini buzgan holda harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lning chap tomonida o‘zining yashash hovlisi eshigi oldida turgan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro B.K.ni urib yuborgan. Oqibatda fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda mazkur haydovchi haydovchilik guvohnomasini olganiga 1 yil bo‘lgani, shu muddat davomida u 15 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlangan. Shuningdek, u ikki marta YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qochib ketgan. Shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda mashina boshqarib tegishli jazo olgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida inson o‘limiga sababchi bo‘lgan qoidabuzar haydovchiga hukm o‘qilgan. Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topgan va unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Mavzuga oid