22:02 / 25.01.2022
43684

Qozog‘iston energotizimida bir necha kundan beri vaziyat tarang bo‘lib turgani ma’lum bo‘ldi

25 yanvardagi yalpi elektr uzilishlardan oldin ham, Qozog‘istonda energetika muvozanatini saqlab turish bilan bog‘liq “tarang vaziyat” hukm surgan. Mamlakatning bosh energooperatori shu sababli to‘rt kun oldin kriptomaynerlarni ogohlantirib, ular bir haftaga elektr tarmog‘idan butkul uzilishini ma’lum qilgan.

Foto: Depositphotos \ amixstudio

Qozog‘iston elektr tarmoqlari operatori – KEGOC kompaniyasi kriptovaluta “qazib oluvchi” korxonalarni vaqtincha elektr tarmog‘idan uzib qo‘ydi. Kompaniya 21 yanvar kuni mayner-korxonalarga bu haqda ogohlantirish xati yuborgan, deya xabar bermoqda “Informbyuro”.

Xatda kriptovaluta “qazib oluvchilar”ga elektr energiyasi yetkazib berish 24 yanvardan 31 yanvargacha to‘liq to‘xtatilishi yozilgan, bu Qozog‘iston yagona energetika tizimidagi “elektr energiyasi va quvvat balansini saqlash bo‘yicha tarang vaziyat” bilan izohlangan.

Qozog‘istonda blokcheyn va data-markazlar sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Alan Dorjiyevning hisoblashicha, elektr energiyasidagi muammolar katta ehtimol bilan maynerlar emas, infratuzilma bilan bog‘liq.

“Ko‘rinib turibdiki, mayning biznesi qariyb to‘xtash arafasida, chunki elektr energiyasidagi bunaqangi uzilishlar bilan ishlab bo‘lmaydi. Biz necha marta gapirdik, muammo ildizi elektr energiyasida, maynerlarda emas. Bizda butun [energetika] tizim yetib kelgan, 70 foizdan ortiq stansiyalar eskirgan, ularning yoshi Qozog‘iston bo‘yicha o‘rtacha 40 yosh.

Elektr energiyasi narxlarini doim jilovlab kelishdi, sanoatda esa jiddiy moliyaviy chanqoqlik yuzaga keldi.  Maynerlar esa, aslida, muayyan vaziyatda KEGOC va Energetika vazirligi uchun o‘zini oqlash imkoniyati bo‘lib xizmat qildi”, – degan Dorjiyevning so‘zlarini keltirgan “Informbyuro”.

Mayning, ya’ni maxsus kompyuter texnikalari yordamida kriptovaluta ishlab chiqarish sanoati ko‘p miqdorda elektr energiyasini talab qiladi. O‘tgan yili sentyabr oyida Xitoy hukumati mamlakatda kriptovalutalar bilan bog‘liq har qanday turdagi operatsiyani taqiqlagach, ko‘plab kriptomaynerlar uskunalarini Qozog‘istonga ko‘chirgan edi. Natijada Qozog‘iston kriptovaluta “qazib olish” reytingida AQShdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib olgandi.

Qozog‘istonda kriptomayning keskin o‘sishi fonida 2021 yil kuzidan boshlab mamlakatda elektr uzilishlari tezlashgani kuzatilgan. Hukumat buni noqonuniy maynerlar faoliyati bilan bog‘laydi.

25 yanvar kuni Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya ro‘y berib, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda keng miqyosli elektr uzilishlari ro‘y berdi.

Mavzu
O‘zbekistonda blekaut
25 yanvar kuni O‘zbekiston bo‘ylab svet o‘chib qoldi. Bu barcha sohalarga jiddiy ta’sir qildi.
Barchasi
Top