18:57 / 26.01.2022
4645
Faqat rivojlangan iqtisodiyot barpo etish orqali milliy xavfsizlikni ta’minlay olamiz – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yillikdagi rejalar haqida gapirar ekan, YaIMni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Prezident videoselektorida faqat samarali iqtisodiy islohotlargina mavjud ijtimoiy muammolarni yechish imkonini berishi qayd etildi.

«Taraqqiyot strategiyamiz yangi iqtisodiy dunyoqarash, yangicha iqtisodiy munosabatlar asosida erkin va farovon hayot qurishga xizmat qiladi. Faqat rivojlangan iqtisodiyot barpo etish orqali biz tinchlik va osoyishtalikni, milliy xavfsizlikni ta’minlay olamiz.

Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash eng muhim vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasi bo‘lib turibdi.

Faqat samarali iqtisodiy islohotlargina mavjud ijtimoiy muammolarni yechish imkonini beradi. Biz kelgusi faoliyatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish orqali zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga eng asosiy e’tibor qaratishimiz shart.

Bunda, barcha iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlarning kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifasi – yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirishdan iborat bo‘lishi zarur.

Joriy yilda inflatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilishi lozim. Shu bilan birga, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion so‘m kreditlarni «mahallabay» kafolatli yetib borishini ta’minlashi kerak.

Shu bilan birga, budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirilmasligi shart.

Yangi yerlarni o‘zlashtirish, suv tejovchi va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fan va innovatsiyalar orqali, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish lozim.

Iqtisodiyotga besh yilda 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish shart.

Ko‘ryapsizlarmi, biz o‘z oldimizga qanday ulug‘vor marralarni qo‘ymoqdamiz. Eng muhimi, bu ulkan vazifalarni hamon davom etayotgan pandemiya va global inqiroz sharoitida amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.

Bu bizdan katta kuch va mablag‘, yuksak iroda va qat’iy intizomni, barcha kuch-imkoniyat va resurslarimizni to‘la safarbar etishni talab etadi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top