17:39 / 31.01.2022
4849

Uyali aloqa kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi

2022 yil 1 yanvardan uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10 foiz etib o‘rnatilmoqda.

Foto: AKKet.com

Shuningdek, 2022 yil 1 apreldan boshlab, qishloq joylarda antenna-machta metall konstruksiyalari, ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar hamda ular egallagan yer uchastkalari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etiladi.

Bu – “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarorida belgilangan.

Qarorga asosan, quyidagilar 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi:

  • ovoz, tasvir yoki boshqa ma’lumotlarni uzatish yoki qabul qilish apparaturasi, shu jumladan, simli yoki simsiz aloqa tarmoqlarida kommunikatsiya uchun apparatura;
  • ma’lumotlarni saqlovchi qurilmalar: optik tashuvchilar, yarim o‘tkazgichli tashuvchilar;
  • proyektorlar, karnaylar, quloqchinlar;
  • telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini joriy etish loyihalari doirasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan texnologik uskunalar, materiallar, dasturiy ta’minot va ehtiyot qismlar.

Mol-mulk solig‘ini hisoblashda yer uchastkalarida o‘rnatilgan antenna-machta metall konstruksiyalari hamda ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar (tortqilar, atrofni o‘rovchi devorlar, yuk ko‘tarish moslamalari, chaqmoqdan himoya qilish tizimlari, yerga ulash qurilmalari, signal-yoritish tizimlari, qo‘riqlash signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimlari) ko‘chmas mulk sifatida qaraladi.

2022 yil 1 apreldan boshlab:

— radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi beriladi;

— Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan eksport qilingan axborot texnologiyalari xizmatlarining bir yillik hajmi 10 million AQSh dollaridan oshganda 25 foizga, 20 million AQSh dollaridan oshganda 50 foizga pasaytiriladi.

Top