13:20 / 02.02.2022
9387
DSQ 16 mingga yaqin cheklar uchun keshbekni texnik xodimlar ro‘yxatdan o‘tkazgani bois bekor qildi

3ta texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari keshbekka ega bo‘lish maqsadida o‘zgalarning 11 mlrd so‘mlik cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan, DSQ cheklarni bekor qildi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

2022 yil 1 yanvardan boshlab chek taqdim qilganlik uchun xaridorlarga xarid summasining bir foiz miqdorida keshbek berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgandi. DSQ 15 900ta chek uchun keshbek bekor bo‘lganini ma’lum qildi.

“Bugungi kunga qadar keshbek uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar tahlil qilinganda, ayrim texnik xizmat ko‘rsatish markazi (TXKM) xodimlari keshbekka ega bo‘lish maqsadida vazifalarini suiiste’mol qilib, o‘zgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid uchun shakllangan cheklarni o‘z nomidan ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari aniqlandi.

Jumladan, 3 nafar TXKM xodimi tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan 281ta tadbirkorlik sub’yektining 11 mlrd so‘mlik 15,9 mingta xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazilgan”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Soliq qo‘mitasi texnik xizmat ko‘rsatish xodimlari qancha miqdorda keshbekni ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida ma’lumot bergan:

Q.N. tomonidan 178 nafar tadbirkorning 7 524ta 5,8 mlrd so‘mlik;

Q.A. tomonidan 80 nafar tadbirkorning 5 206ta 4,6 mlrd so‘mlik;

R.F. tomonidan 23 nafar tadbirkorning 3 131ta 0,6 mlrd so‘mlik cheklari “Soliq” mobil ilovasida QR-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

“Soliq” mobil ilovasida yuqoridagi shaxslar tomonidan xaridni amalga oshirmasdan ro‘yxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilingan.

Bir oyda qancha keshbek ro‘yxatdan o‘tkazilgan?

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan 1 fevralga qadar 32 755 242ta (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan, 17 134 987ta ko‘p, ya’ni 191 foizga oshgan) xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali chop etilgan bo‘lib, shundan 1 482 563tasiga “Soliq” mobil ilovasi orqali 19,4 mlrd so‘mlik keshbek hisoblangan.

Eslatib o‘tamiz, xarid miqdoridan bir foiz keshbek chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obektlaridagi xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi QR-kodli chekini “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar uchun to‘lanadi.

Avvalroq, 2022 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 5 mlrd so‘mlik keshbek yig‘gani ma’lum qilingandi.

Top